Adabiyot doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi

13:36 23 Avgust 2024 Madaniyat
172 0

Dilshod KARIMOV/“Xalq soʻzi”. Poytaxtimizda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY bosh kotibi, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston Oʻzuvchilar uyushmasining faxriy aʼzosi Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, kitobxonlar, turkiy davlatlar ijodkorlari qatnashdi.

Ishtirokchilar dastlab Sulton Rayevning hayoti hamda ijodiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma bilan tanishdi.

Tadbirda mohir ijodkorning hayoti, serqirra faoliyati, turkiy davlatlar oʻrtasida madaniy aloqalarni rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlariga bagʻishlangan film namoyish etildi.

Oʻzbekiston Oʻzuvchilar uyushmasi raisi S. Sayyid, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va boshqalar Sulton Rayevning til hamda uslubi oʻziga xos, sodda, ayni paytda teran mazmun-mohiyatga egaligi, joʻshqin faoliyati ibratli ekanini taʼkidladi.

Atoqli qirgʻiz adibi kitobining oʻzbek tiliga oʻgirilib, yurtimizda taqdimot qilinishi keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik, tenglik, qoʻshni respublikalar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish, Markaziy Osiyoda taqdirlarning yagonaligi, umumiy makon ruhiyatini yaratishga qaratilgan keng koʻlamli siyosati samarasidir, desak, ayni haqiqat.

— Mamlakatimizda keyingi yillarda “Adabiy doʻstlik — abadiy doʻstlik” degan Qoya yuksak maqomga koʻtarildi, — dedi Oʻzbekiston Oʻzuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Jumladan, Nizomiy Ganjaviy, Maxtumquli Firogʻiy, Chingiz Aytmatov va boshqa koʻplab turkiy xalqlar ijodkorlarining asarlarini targʻib etish, ularning tavallud sanalarini nishonlashga katta ahamiyat qaratilmoqda. TURKSOY bilan hamkorligimiz izchil kengayib borayotir. Bu boradagi ezgu ishlarga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Sulton Rayev, chin maʼnoda, oʻzbek xalqining ham yozuvchisi sanaladi. Uning oʻzbek tilida chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi adabiyotimiz xazinasidan mustahkam oʻrin oladi.

Darhaqiqat, Sulton Rayev bugun asarlari, faoliyati bilan turkiy xalqlarning qadim buloqlardan suv ichgan azaliy tomirlarini adabiyot, madaniyat vositasida yanada mustahkamlashdek buyuk missiyani bajarmoqda. Adibning kitobi oʻzbek tilida chop etilishi oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik aloqalari bugun yangi bosqichga koʻtarilganining yana bir ifodasidir.

Kitobga taniqli oʻzbek yozuvchisi Xayriddin Sulton soʻzboshi yozgan. “Dovrugʻi Olatogʻdan oshgan adib” sarlavhali ushbu bitikda Sulton Rayev shaxsi, uning ijodiy olami, serqirra isteʼdodi, ibratli hayot yoʻli, qizgʻin faoliyati aniq misollar, hayotiy kuzatishlar asosida ochib berilgan. Adib — buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning shogirdi, izdoshi sifatida baholangan. Muallif “…noyob insoniy tuygʻularni baland pardalarda tarannum etadigan, Yer yuzini, odamzod qalbini maʼnaviy toʻfon va tanazzullardan asrashga, azaliy qadriyatlarni qatʼiyat bilan himoya etishga xizmat qiladigan ushbu kitobni yuksak didli oʻzbek kitobxonlariga taqdim etish sharafiga muyassar” boʻlganidan mamnunligini yashirmagan.

Kitobdagi roman, hikoya, qissa, va sahna asarlarini oʻqigan kishi borki, adibning oʻziga xos uslubi, shirali tili, teran falsafiy-badiiy tafakkuri, ijodiy qadriyatlari boshqa hech kimda uchramasligiga amin boʻladi.

Soʻzboshida urgʻu berilganidek, Sulton Rayevning dovrugʻi Olatogʻning baland choʻqqilaridan allaqachon oshib ketgan. Uning gʻoyaviy-badiiy jihatdan yetuk oʻnlab kitoblari ingliz, fransuz, rus, venger, xitoy, ukrain, turk, qozoq, ozarbayjon, tatar va boshqa tillarga oʻgirilgani, dunyoning turli mamlakatlarida nashr qilinayotgani ayni eʼtirofning hayotiy isbotidir.

— Qirgʻiz yurtida oʻzbeklar orasida ulgʻayganman, — deydi Sulton Rayev. — Xalqlarimizning tomirlari tutash. Orzu-maqsadlari mushtarak. Qadimdan yaxshiyu yomon kunini yelkadosh boʻlib oʻtkazgan xalqlarimiz bugun ham ahil-inoq, doʻst va hamkor boʻlib hayot kechirmoqda. Albatta, hamjihatlikdagi bugungi yutuqlarimizda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston rahbarlarining xizmatlari beqiyos. Bugun Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olamshumul oʻzgarishlar yuz bermoqda. Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlar bu mamlakatda kechayotgan ulkan yangilanish jarayonlarining amaliy natijasi. Oʻzbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari bilan boʻylashmoqda. Buyuk sohibqiron Amir Temur davrida bu diyor qanchalik shon-shavkatga burkangan boʻlsa, hozir ham Oʻzbekiston shunchalik yuksakka intilmoqda. Bularning zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning adabiyot, maʼnaviyat, maʼrifatga boʻlgan eʼtibori turibdi. Kitobim Alisher Navoiy tilida chop etilganidan cheksiz quvonch va iftixor tuymoqdaman. Zotan, inja sanʼat oramizdagi doʻstlik rishtalari, qalblarimizni yanada mustahkam bogʻlaydi.

Taqdimot soʻngida taniqli adib adabiyot ixlosmandlariga dastxat qoʻyilgan kitoblarini hadya qildi. Adabiy aloqalarni mustahkamlashga hissa qoʻshayotgan bir guruh adabiyot fidoyilari taqdirlandi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер