Abbosbek Fayzullayev RPLda “Mavsum kashfiyoti” sovrinini qoʻlga kiritdi

11:54 27 May 2024 Sport
548 0

Moskva shahrida “Winline Rossiya Premyer-ligasi qahramonlari” deb nomlangan turli yoʻnalishlar boʻyicha tanlovlar gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda “Mavsum kashfiyoti” nominatsiyasi gʻolibi ham aniqlandi.

Unga koʻra, SSKA hujumkor futbolchisi, oʻzbekistonlik Abbosbek Fayzullayev ushbu sovringa loyiq koʻrildi.

Sovrin uchun Abbosbekdan tashqari Bitello (“Dinamo”) va Nikita Saltikov (“Krilya Sovetov”) kabi futbolchilar kurash olib borgandi.

Mukofot gʻolibi murabbiylar, jamoa sardorlari, sharhlovchilar va Rossiya futboli faxriylaridan iborat maxsus hayʼat tomonidan aniqlandi.

“Men uchun ovoz bergan hammaga rahmat. Bunday sovrinni qoʻlga kiritish juda yoqimli boʻldi. Barcha jamoadosh doʻstlarimga, murabbiylarga, rahbariyatga meni qoʻllab-quvvatlashayotgani uchun minnatdorlik bildiraman. Ota-onam, yaqinlarim, doʻstlarim va SSKA muxlislariga alohida rahmat aytaman”, deydi Abbosbek Fayzullayev.

Maʼlumot uchun, 20 yoshli “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi joriy mavsum SSKA tarkibida barcha musobaqalarda 32 ta oʻyin oʻtkazib, 5 ta gol va 14 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?