77 yoshida yurtimizni piyoda kezgan otaxon

14:21 18 Noyabr 2025 Jamiyat
649 0

Buxorodagi Yetti pir ziyoratgohi Gʻijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan, Kogon tumanlarida joylashgan. Ular oraligʻidagi masofa 150 kilometr atrofida. Avtomobilda borilsa, ziyorat amallarini oʻtash bilan birga sakkiz – toʻqqiz soatcha vaqt sarflanadi. Bu masofani Peshku tumani Yangiturmush qishlogʻida yashovchi 77 yoshli Muhammad Qudratov yaqinda 24 kunda yayov bosib oʻtdi.

– Muhammad aka viloyat turizm boshqarmasi koʻmagida piyoda yurib, muqaddas qadamjolarni tavof etdi, – Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi, shoira Maxfirat Atoyeva. – Yayov yurish ijodkorga ilhom baxsh etadi. Negaki, yurtimizning har giyohi, rangin qiyofasi, qaynoq nafasini koʻngil koʻzi bilan koʻrmoqning gashti boʻlakcha.

Muhammad aka serqirra ijodkor. U ham Yozuvchilar, ham Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi. Keyingi oʻn yillik umrini piyoda yurt kezishga, yurtimiz sayyohlik salohiyatini namoyish etishga bagʻishladi. 2018-yilda respublikamiz viloyatlarini velosipedda sayr etib kelgandi. Oradan uch yil oʻtgach, turmush oʻrtogʻi Shirin Saidova bilan Oʻzbekiston boʻylab yayov sayohat qildi. Olgan taassurotlari asosida “Vodiylarni yayov kezganda” deb nomlangan kitob ham yozdi.

– Oʻshanda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi doirasidagi safarimiz Andijon viloyatining Xonobodidan boshlangandi, – deya eslaydi Muhammad ota. – Ikkovlon 100 kundan ziyod vaqt mobaynida respublikamizning 12 ta viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston respublikasini 100 kundan ziyod vaqt davomida sayru sayohat qilib chiqqanmiz.

Otaxon shu kecha-kunduzda ham piyoda yoki velosipedda yurishni kanda qilmaydi. Keksaligiga qaramay toʻrt muchasi sogʻlom. Shifokorga qachon “ishi” tushganini eslolmaydi. Aytmoqchi, otaxonning yurtgashtaligi, ichki turizmni targʻib qilishdagi xizmati eʼtiborda. U “Mahalla iftixori”, “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер