457 mingdan ortiq doimiy yangi ish oʻrinlari yaratiladi — Prezident qarori

10:26 29 Aprel 2021 Hujjatlar
705 0

Prezident qarori (PQ–5094-son, 28.04.2021-y.) bilan 2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi maʼqullandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Dastur 2021-yilda quyidagilarni amalga oshirishni nazarda tutadi:

● 457 127 ta doimiy yangi ish oʻrinlarini tashkil etish;

● 513 575 nafar fuqaro bandligiga koʻmaklashish va ish beruvchilarni ragʻbatlantirish.

Shuningdek, 281 ming 289 nafar ishsizlarni boʻsh va zaxira ish oʻrinlariga ishga joylashtirish belgilangan.

Qarorga koʻra, 2021-yilda aholi bandligiga koʻmaklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratiladi:

subsidiyalar ajratish uchun – 92,3 mlrd soʻm;

ishsizlik nafaqalari toʻlab berish uchun – 65,1 mlrd soʻm;

kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun – 40,6 mlrd soʻm;

yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar uchun – 125 mlrd soʻm.

Qarorga koʻra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan taʼminlash byurolari Kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil etiladi.

Markaz ish izlovchilarni roʻyxatga oladi, ular toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini yuritadi hamda ish beruvchilardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash boʻyicha buyurtmalar oladi.

Markazda vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarga ularning doimiy yashash joyidan qatʼi nazar (eksterritoriallik tamoyili boʻyicha), ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan holda bandlik xizmatlari koʻrsatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?