25 sotixda gidroponika usulida issiqxona tashkil etgan mirishkor yiliga 1 milliard soʻmga yaqin daromad topmoqda

11:02 19 Fevral 2026 Jamiyat
218 0

Oʻzbekiston tumanidagi “Dashtchoʻlpon” MFY ogʻir hududlar toifasiga kiritilgan boʻlib, aholini doimiy daromad manbai bilan taʼminlash va farovonligini yuksaltirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Dehqonchilik va chorvachilik mahallaning iqtisodiy drayveri hisoblanadi. Hozirgi kunda “Ustoz-shogird” tajribasi asosida mahalladagi yosh oilalar ilgʻor tomorqachilarga biriktirilmoqda. Xususan, Ravshanjon Esonqulov mahalladagi 10 ta xonadon aʼzolariga tomorqadan unumli foydalanish boʻyicha oʻz tajribasini oʻrgatib kelayotir.

Gap shundaki, u ikki yil oldin 25 sotix kam hosilli yerda gidroponika usulida qulupnay yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona barpo etib, energiya tejamkor jihozlar, isitish va sovitish tizimi hamda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini oʻrnatdi. Natijada 10 ta doimiy va 40 ta mavsumiy ish oʻrni yaratildi.

Bu yil ham ushbu issiqxonaga Koreya Respublikasining intensiv qulupnay navidan 30 ming tupga yaqin ekilgan. Hozirgi kunda gʻarq pishgan qulupnay hosili nafaqat tuman bozori, balki Qoʻqon va Toshkent shahri bozorlari hamda savdo tarmoqlariga yetkazib berilmoqda. Mirishkor tomorqachining aytishicha, gidroponika usulida koʻchatlarni bosqichma-bosqich yetishtirish orqali yil davomida oʻrtacha besh-olti oygacha qulupnay hosilini olish mumkin.

Eʼtiborlisi, bu borada yetarli tajribaga ega boʻlgan ilgʻor tomorqachi oʻz xonadonida “Koʻchatchilik maktabi” tashkil etish harakatida. Bu yerda yosh tomorqachilarga qulupnay yetishtirishni oʻrgatish, buyurtma asosida serdaromad qulupnay koʻchatlari yetishtirib berish, parvarishlash va ilgʻor agrotexnologiyalardan foydalanish usullarini joriy etishga koʻmaklashish maqsad qilingan.

—Ayni kunlarda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 10 dan ortiq oilaga 50 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratilib, zamonaviy issiqxonalar barpo etishga kirishilgan,—deydi mahalla raisi Husniddin Gʻulomov.—Shu tarzda qulupnaychilikni mahalla drayveriga aylantirish koʻzda tutilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda mahalladagi 746 ta oilada 3176 nafar aholi istiqomat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер