2030-yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda

12:40 21 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
704 0

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning jadallashuvi, sanoatning tezkor rivojlanishi, aholi sonining koʻpayishi energiyaga boʻlgan talabning keskin oshishi va u 2030-yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda.

Uglevodorod zaxiralari kamayib borayotganligi, jahon bozorida neft va gaz narxi koʻtarilayotganligi, ularni yoqish hisobiga anʼanaviy usulda elektr energiyasi olishning iqlim oʻzgarishiga salbiy taʼsiri quyosh, shamol, suv va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni amaliyotga keng joriy etishni taqozo etmoqda.

Biroq respublikada katta salohiyat mavjud boʻlishiga qaramasdan, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalarining imkoniyatlaridan toʻliq darajada foydalanilmayapti.

Majlisda rivojlangan davlatlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinayotgan energiya ishlab chiqarilayotgan energiya umumiy hajmining 30-40 foiziga toʻgʻri kelayotgan boʻlsa, respublikada ushbu koʻrsatkich (quyosh va shamol energiyasi boʻyicha) atigi 1 foizni tashkil etayotgani taʼkidlandi.

Yigʻilishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining ishlab chiqilishi toʻliq yoʻlga qoʻyilmaganligi, bu sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish ishlari sust darajada ekanligi, qurilmalarning yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishdagi mavjud muammolar sababli qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi turar joylari, shuningdek, markazlashtirilgan energiya taʼminoti tizimlaridan uzoqda joylashgan hududlardagi aholini arzon va qulay elektr energiyasi bilan taʼminlash muammo boʻlib qolayotgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga quyosh va shamol energiyasidan foydalanish qurilmalarini ishlab chiqish, ularni oʻrnatish, ishga tushirish, ishlatish va taʼmirlash sohasida oliy oʻquv yurtlari va kasb-hunar kollejlarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish boʻyicha choralar yetarli darajada koʻrilmayapti.

Muhokamalar yakunida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?