2026-yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan oʻtgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yoʻllarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi

13:15 26 Dekabr 2025 Siyosat
118 0

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliga koʻra, sifatli yoʻllar iqtisodiyotimizning kamida 2 foiz oʻsishiga turtki beradi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida shu xususida ham toʻxtalib oʻtdi.

Avtomobil yoʻllarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi.

Bunda Andijon bilan Qoʻngʻirotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bogʻlaydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yoʻllar xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantiriladi.

2026-yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan oʻtgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yoʻllarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi.

Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Boʻstonliq, Pungʻon – Namangan va Qarshi – Shahrisabz yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan 800 kilometr yoʻllar qurilishi boshlanadi.

Endi yoʻllarni loyihalashtirishda aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish, piyodalar uchun “toʻsiqsiz” muhit yaratish boʻyicha qatʼiy talablar qonun darajasida mustahkamlanadi.

Aholi daromadi, xorijiy sayyohlar oqimi tobora ortib borayotgani kelgusi besh yilda oziq-ovqatga boʻlgan talabni 1,5 karra oshiradi.

Shuning uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini hozirgi 40 milliarddan 60 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olinmoqda.

Bozorlarimizni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan butun yil davomida barqaror narxda taʼminlash uchun 2026-yildan doimiy intervensiya tizimiga oʻtiladi.

Hududlardagi “Oziq-ovqat jamgʻarmalari”ga ajratiladigan resurs 2,5 barobar koʻpaytirilib, 500 milliard soʻmga yetkaziladi.

Shuningdek, meva-sabzavotga ixtisoslashgan 1 mingta mahallada sigʻimi 100 tonnagacha boʻlgan kichik sovitkichli omborlar barpo etiladi.

Bu ishlar kelgusi yil inflyatsiya darajasini 6-6,5 foizga tushirishga xizmat qiladi.

Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishidir.

Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt taʼsirida dunyoda ish oʻrinlarining soni, shakli va mazmuni keskin oʻzgarmoqda.

Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi toʻliq avtomatlashtiriladi, 50 foizi boʻyicha esa yangi malakalar talab qilinadi.

«Bu jarayonlar bizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Sanoatda avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada aqlli texnologiyalar, transportda intellektual boshqaruv kundalik hodisaga aylanib boʻldi.

Endilikda mamlakatimiz mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur», dedi Prezidentimiz.

Yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish boʻyicha besh yillik dastur tasdiqlandi.

“Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha dunyoda raqobatdosh boʻlsin, kerak boʻlsa, boshqalardan bir pogʻona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yoʻlida kasbiy taʼlimning eng muhim boʻgʻini boʻlgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz”, dedi Prezidentimiz.

Buning uchun 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum toʻliq taʼmirlanib, texnologik va talab yuqori boʻlgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi.

Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.

2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” maktab oʻquvchilarini qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?