2023-yilning Davlat byudjeti tasdiqlandi

15:46 31 Dekabr 2022 Hujjatlar
3325 0

“2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–813, 30.12.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan 2023-yil uchun Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy davlat dasturlarining belgilangan miqdorlari Qonunga oʻzgartish kiritilmasdan koʻpaytiriladi.

Oʻzbekiston byudjet tizimi byudjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari boʻyicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud boʻlmagan hollarda:

— respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;

— 3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston nomidan va Oʻzbekistonning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz koʻrsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.

2023-yil uchun Oʻzbekiston konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilandi.

Qonunga koʻra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar byudjetlariga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:

— jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;

— jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;

— mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan, shuningdek YATTlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;

— suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;

— noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер