2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumining yakunlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi 2023-yil 10-martdagi 3017-IV-sonli hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi 2023-yil 14-martdagi SQ-702–IV-sonli qarorlariga muvofiq, 2023-yil 30-aprel kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumi oʻtkazildi.
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18, 38 va 39-moddalariga muvofiq hamda referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalarining okrug boʻyicha referendum natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Referendum yakunlariga koʻra ovoz beruvchilar roʻyxatiga kiritilgan 19 722 809 nafar fuqarolarning yarmidan koʻpi, yaʼni 16 667 097 nafari yoki 84,51 foizi referendumda ishtirok etganligiga asoslanib, 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq haqiqiy va boʻlib oʻtgan deb topilsin.
2. 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumining natijalari quyidagicha tasdiqlansin:
referendumda ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining umumiy soni – 19 722 809 nafar;
ovoz berish byulletenlarini olgan fuqarolarning soni – 16 667 097 nafar;
ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning soni – 16 667 097 nafar yoki ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining umumiy sonidan 84,51 foiz;
referendumga qoʻyilgan masalani yoqlab “Ha” deb berilgan ovozlar soni – 15 034 608 yoki ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi;
referendumga qoʻyilgan masalaga qarshi “Yoʻq” deb berilgan ovozlar soni – 1 558 817 yoki ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning 9,35 foizi;
haqiqiy emas deb topilgan ovoz berish byulletenlarining soni – 73 672 ta.
3. Referendumda ovoz berishda ishtirok etgan 16 667 097 nafar fuqarolarning yarmidan koʻprogʻi, yaʼni 15 034 608 nafari yoki 90,21 foizireferendumga qoʻyilgan “Siz “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilasizmi?” degan masalaga “Ha”deb yoqlab ovoz berdi.
4. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilingan deb hisoblansin.
5. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni hamda mazkur qaror referendum yakunlari rasmiy eʼlon qilingan kunning oʻzida uning ijrosini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilsin.
7. Mazkur qaror hamda referendumda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining matni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining veb-saytida va rasmiy manbalarda eʼlon qilinsin.
Rais Z. Nizamxodjayev
2023-yil 1-may
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring