2022-yilda tibbiyot sohasiga byudjetdan 24 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi

11:25 18 Mart 2022 Siyosat
1124 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbarining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti davom etyapti.

«Oxirgi yillarda tibbiyot sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi keskin oshirildi.

Jumladan, 2022-yilning oʻzida sohaga byudjetdan 24 trillion soʻm yoki 2016-yilga nisbatan 4 barobar koʻp mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Oʻtgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga ajratilayotgan mablagʻlar 12 barobar koʻpaytirildi.

Shu davrda sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablagʻlar jalb qilindi.

Bularning hisobidan tizimda nima oʻzgardi?

Eng avvalo, birlamchi tibbiyot boʻgʻinini, mutlaqo yangi yondashuvlar asosida, tubdan oʻzgartirishga kirishdik.

Bu borada, oʻtgan yildan boshlab, har bir mahallada «xonadonbay» ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi.

2021-yildan, birlamchi boʻgʻinda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul taʼminlash yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi vaqtda shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yoʻllari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni odamlarimiz ortiqcha sarson boʻlmasdan, oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda.

Aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida, birlamchi tizimga 20 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari qoʻshildi.

Shuningdek, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy “UZI” va “EKG” apparatlari bilan taʼminlandi.

Shu orqali, qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, salomatlik koʻrsatkichlari boʻyicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan oʻtkazish boshlandi.

Bularning barchasi, oʻz navbatida, sifatli tibbiy xizmatlarni “mahallagacha tushirish” boʻyicha muhim qadamlar boʻldi» dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?