1991-yil 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun: Gʻurur va iftixorimiz ramzi

10:40 18 Noyabr 2020 Siyosat
592 0

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. Oʻzbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga gʻurur, faxr va iftixor bagʻishlaydi.

Respublikamiz fuqarolari uchun vatanimizning muqaddas ramzi – Davlat bayrogʻi aziz. U maʼnaviyatning eng muhim timsolidir. Shu bois, bayrogʻimizga nazar solganimizda biz ruhan joʻshqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda gʻurur va buyuk istiqbolga ishonch tuygʻusini his etamiz. Oʻzida juda katta maʼno-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, oʻzida butun Oʻzbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni, ajdodlar yodi hamda millat gʻururini mujassam etgan bayrogʻimiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi — bayroqning butun uzunligi boʻylab oʻtgan toʻq moviy rang, oq rang va toʻq yashil rangli uchta endan tarkib topgan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodir. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻrtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar oʻtkazilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida oʻn ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Oq rangli yangi oy va oʻn ikkita besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning oʻrtasidan 70x30 santimetrga teng toʻgʻri toʻrtburchakka sigʻadigan qilib joylashtirilgan. Oq rangli yangi oy vertikal holatda doʻng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan boʻlib, diametri 30 santimetrli doiraga sigʻadi. Oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sigʻadi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr.

Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

Bugun milliy bayrogʻimiz davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz aʼzolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrogʻimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirmoqda. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida gʻalaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan gʻururlanamiz.

Davlatimiz bayrogʻi tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz, ayniqsa, yosh avlod yodda tutishi maqsadga muvofiqdir. Oʻzbekiston farzandlari qayerda boʻlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʻini ardoqlaydi. Chunki bayroq — hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir.

Bayrogʻimizning balandligi yurtimizning obroʻ-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik!

Baxtiyor SAYFULLAYEV,
Oliy Majlis Senati
Yoshlar, madaniyat va sport
masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?