18-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtadi

20:58 15 Noyabr 2021 Siyosat
735 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisini 2021-yil 18-noyabr kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar muhokama qilinadi. Jumladan, “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqiladi.

“Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida»gi, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar ham muhokama qilinadi.

Shuningdek, “Ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar senatorlar eʼtibor markazida boʻladi.

Oʻz navbatida, transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Fuqarolik protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartishlar kiritish masalalari ham kun tartibidan oʻrin olgan.

Bundan tashqari, yalpi majlisda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi holati haqidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.

Senatorlar aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini ham tahlil qilishadi.

Shu bilan birga, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati, shuningdek, yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat munosabati bilan bogʻliq masalalarda ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish masalalari muhokamasi koʻzda tutilmoqda.

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati yuzasidan hisobotini eshitish ham reja qilingan.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqiladi.

Oliy Majlis Senati

Axborot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?