14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

16:41 14 Yanvar 2026 Jamiyat
250 0

Urganch shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34-yilligi hamda 14 -yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Dastlab harbiy-maʼmuriy sektor, huquqni muhofaza qilish idoralari va keng jamoatchilik vakillari Jaloliddin Manguberdi haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, buyuk sarkarda va Vatanimiz ozodligi yoʻlida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Shundan soʻng bayram tadbiri viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. Unda viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Joʻrabek Raximov soʻzga chiqib, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyalash, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, harbiy shaharchalar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar xususida toʻxtaldi.

Viloyat hududida joylashgan harbiy qismlarga hamda xizmat vazifalarini bajarishda yuqori kasbiy mahorati bilan oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot idoralari xodimlari viloyat hokimining faxriy yorligʻi va sovgʻalari topshirildi. Sanʼat ustalari tomonidan ijro etilgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlar, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan sahna koʻrinishlari bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

- Hurmatli Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigidan juda katta maʼnaviy kuch oldik,- deydi 53008-sonli harbiy qism komandirining oʻrinbosari, mayor Nodirbek Qulmatov.- Joriy yilning 1-aprel sanasidan ofitserlar, oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi oshirilishi, harbiylarning pensiya taʼminoti yaxshilanishi, muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoshlar uchun beriladigan imtiyozlar Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilishni yanada masʼuliyatli va sharafli burchga aylantiradi.

Shuningdek, bayram arafasida Urganch shahri va Xiva tumanida harbiylar uchun yangi koʻp qavatli uylar foydalanishga topshirildi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?