1 milliard dollar mablagʻ ishlatilmasdan turibdi – Prezident

13:23 17 Iyul 2024 Iqtisodiyot
163 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yigʻilishda prezident investitsiya va tashqi savdo, qishloq xoʻjaligi komplekslaridagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan olti oyda iqtisodiyotga 15,5 milliard dollar xorijiy, shundan 14 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritildi. Oʻsish - 2,1 barobar.

Biroq, har bir dollar investitsiya hisobiga yaratilgan qoʻshilgan qiymat koʻrsatkichi barcha tarmoq va hududlarda ham qoniqarli emas.

Bu toʻqimachilik, charm, farmatsevtika tarmoqlarida, Sirdaryo va Buxoroda 2 dollarga, Toshkent shahri, Surxondaryo, Jizzaxda esa 2,5 dollarga yetmasligi koʻrsatib oʻtildi.

Yoki, har 1 ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumini oʻrtacha 600 dollarga oshirgan boʻlsa, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax va Surxondaryoda bu 300 dollardan kam.

Mutasaddilarga investitsiya loyihalari dasturini shakllantirishda ularni puxta tahlil qilish, qoʻshilgan qiymatni karrasiga oshiradiganlarini kiritish topshirildi.

Qayd etilishicha, soʻnggi ikki yilda chetdan kelgan, biroq haligacha oʻrnatilmagan 183 million dollarlik uskunalarni toʻliq ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

Viloyat hokimlari, tarmoq rahbarlariga erkin iqtisodiy zonalardagi ishlab chiqarishni kamaytirgan korxonalar bilan manzilli ishlash topshirildi.

Investitsiya hisobiga tashkil etilgan ayrim korxonalar hozirda ishlamayotgani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan har bir loyiha bilan yakka tartibda ishlash, muammosini hal qilishga koʻmaklashish shartligi qayd etildi.

Sohalar rivoji uchun Taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasidan berilgan 650 million dollar arzon resurs, banklarda xorijdan jalb qilingan 1 milliard dollar mablagʻ ishlatilmasdan turgani koʻrsatib oʻtildi. Yil yakunigacha bu mablagʻlardan toʻliq foydalanib, loyihalarni amalga oshirish topshirildi.

Joriy yilda sanoat zonalari infratuzilmasi uchun 1,5 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan. Buning hisobidan sanoat zonalaridagi 79 ta infratuzilma obyektlarini toʻliq foydalanishga topshirish vazifasi qoʻyildi.

Hududlardagi yirik loyihalarni infratuzilmaga ulashni tezlashtirish maqsadida qiymati 200 milliard soʻmdan ziyod boʻlgan loyihalar uchun infratuzilma qurib berish tartibini soddalashtirish zarurligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер