Toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi yoxud “Andijonnoma” gazetasidan 100 million soʻm miqdorida tovon puli talab qilgan daʼvogarning talabi qondirilmadi
Illyustrativ foto
“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi Andijon viloyati hokimligi nashri “Andijonnoma” gazetasini sudga berdi. Bunga jurnalist Qobiljon Asqarovning gazeta sahifalarida chop etilgan ikkita maqolasi sabab boʻldi.
Jurnalistning gazetaning 2018 yilning 21 avgust kungi sonida “Har bahorda shu boʻlar takror... yoki ertani oʻylamay tashlangan qadam”, 24 oktyabr kungi sonida esa “Egar qayda, uzangi-chi?” sarlavhali maqolalari eʼlon qilingan edi.
Ularda pillachilik sohasidagi muammolar, tarmoqni rivojlantirish borasida yoʻl qoʻyilayotgan shoshmashosharliklar tilga olingan boʻlib, oʻz oʻrnida Andijon tumanida faoliyat yurituvchi, pillani qayta ishlash korxonasi boʻlmish “Andijan silk.Co” qoʻshma korxona shaklidagi masʼuliyati cheklangan jamiyati shaʼniga ham bir qancha tanqidiy fikrlar bildirilgandi.
“Maqolada keltirilgan maʼlumotlarning 90 foizi haqiqatdan yiroq”, deya daʼvo qilgan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi “Andijan Silk. Co” qoʻshma korxonasi manfaatini koʻzlagan holda “Andijonnoma” gazetasini sudga berdi va 100 million soʻm tovon puli talab qildi. Ushbu masala Andijon tumanlararo iqtisodiy sudida sudya Hasanboy Mamarasulov tomonidan oʻrganib chiqildi. Sud ishi jarayonida har ikki sohaga oid hukumat qonunlari hamda qonunosti hujjatlarida belgilangan meʼyorlarga amal qilindi va daʼvogarning daʼvosi asossiz, deb topildi.
Xalqimizda “Toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi” degan gap bor! Matbuotning vazifasi kimningdir salbiy jihatlarini xalqqa oshkor etib, uning shaʼnini bulgʻash emas, balki mavjud muammolarni yuzaga chiqarib, ijobiy yechimini topish, shu orqali mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishdan iboratdir. Qolaversa, “Doʻst achitib gapiradi”. Shunday ekan, har bir tanqidiy maqolaga eʼtiroz bildirish emas, balki unda koʻtarilgan mavzu yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni koʻrish, matbuotni esa dushman sifatida emas, balki doʻst kabi koʻrish muhimroqdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring