Sharof Rashidovga manzur boʻlgan noyob asal

13:21 19 Dekabr 2018 Jamiyat
3045 0

Arxiv foto

Yaqinda boʻlib oʻtgan asal bayrami yoshlik xotiralarimni uygʻotib yubordi.

Aslida, asalni u qadar xush koʻrmayman. Lekin bu bebaho neʼmat sotilayotgan rastalar yonidan befarq oʻtib ketolmayman. Albatta, tatib koʻraman. Ogʻzimda saqlanib qolgan taʼmni izlayman. Afsuski, topolmayman...

Gap shundaki, bir kuni padarimiz — oʻzbek limonchiligi asoschisi, xalq seleksioneri, faxriy akademik Zayniddin Faxriddinovni asal olayotganining ustidan chiqib qoldim. Shu zahoti asal idishga qoʻl uzatganimni bilaman, “Bu asal doʻstimga atalagan”, deya otam koyib berdilar.

Boladek arazlaganimni koʻrgach, bir piyolaga oʻsha asaldan solib uzatarkanlar, “Qani, mazasini koʻr-chi?” deb qoldilar. Rosti, bunaqa bolni hech qachon yemagandim. Uning taʼmi shunchalik shirin boʻlsa, hidi undan ham yoqimli va oʻtkir ediki... Bu limon gullaridan yigʻilgan noyob asal ekan.

Ha, Oʻzbekistonda issiqxona sharoitida limondan asal olishning uddasidan chiqilgan.

Otam tabiatan yangilikka oʻch, oʻta qiziquvchan emasmidilar har bir issiqxonaning toʻrt burchagiga toʻrt quti asalari oilasini qoʻyardi. “Issiqxonada ham asal olib boʻladimi?” deganlarga hech boʻlmaganda bu mitti jonzotlar daraxt gullarini changlatishga hissa qoʻshishini aytardilar.

Biroq amalda limon gullaridan asal olishga erishgan edilar. Toʻgʻri, asalarilarga qoʻshimcha ozuqa berilmagani tufayli juda kam bol yigʻilar edi. Ushbu kamyob neʼmat idishlarga solinib saqlab qoʻyilar, limonzorimizga kelgan aziz mehmonlargagina tortilardi. U, ayniqsa, limonzorga koʻp bora tashrif buyurgan atoqli davlat arbobi Sharof Rashidov, Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga juda manzur boʻlgan ekan.

Bugun limonchilikni rivojlantirish, issiqxonalarni kengaytirishga qaratilayotgan eʼtibor soha fidoyilarini ana shunday tajribalarga ruhlantirayotgani, shubhasiz.

Raʼno XODJAYEVA, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер