Jizzaxda tarbiyasi ogʻir oʻquvchi-yoshlar 3 kun mobaynida real harbiycha hayot kechirdi (fotoreportaj)

11:47 17 Dekabr 2018 Jamiyat
3119 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi harbiy qismlardan birida tarbiyasi ogʻir oʻquvchi-yoshlar uch kun davomida xuddi harbiylardek yashab koʻrdi. Bu vaqt ichida ular bilan maʼnaviy va maʼrifiy ishlar olib borilib, jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarida dastlabki harbiy koʻnikmalar egallandi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati 

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, uch kun davom etgan mashgʻulotlar davomida oʻquvchi yoshlar real harbiycha hayot bilan tanishib, saf tayyorgarligi, oʻq otish, ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni taʼminlash, qurollarni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, jismoniy tayyorgarlik kabi mashqlarda bevosita ishtirok etdilar.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati 

Oʻquvchi-yoshlarning harbiy qismda yashashi uchun alohida kun tartibi belgilandi. Ular harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan barcha sharoitlardan, xususan, issiq va shinam yotoqxona, mazali taomlar hamda zamonaviy kutubxona, sport inshootlari, mini poligondan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida birinchi marta oʻtkazilayotgan ushbu tadbir yoshlar tomonidan sodir etilayotgan turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga, ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, el-yurt xizmatiga doimo tayyor farzand sifatida tarbiyalashga qaratilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati 

Bu kabi tadbirlar Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 13 dekabr “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi yuzasidan oʻtkazilmoqda. Eslatib oʻtamiz, farmoyishga binoan joriy yilning 15 dekabridan 2019 yilning 15 yanvariga qadar “Vatanparvarlik oyligi” etib belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер