Deputat obodonlashtirish boʻlinmalari xodimlarining ish haqini oshirishni taklif qilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi Mahfirat XUSHVAQTOVA mana shunday taklif bilan chiqdi.
«Zahmatkash, oʻz kasbining fidoyi insonlari boʻlmish obodonlashtirish tashkilotlari xodimlari tomonidan yilning toʻrt faslida ozodalikni saqlash borasida olib borilayotgan ishlar shahar va qishloqlarimiz koʻrkiga-koʻrk qoʻshib, barchaning koʻngliga iliqlik ulashmoqda.
Bugun qaysi bir hududga qay fasl va vaqtda bormang ushbu tashkilotning zahmatkash xodimlarini yoʻllar chetida, jamoat joylarida obodonlashtirish ishlari bilan mashgʻul holatda uchratasiz. Ammo ushbu insonlar mehnatlariga yarasha sharoit yaratilmagani va kam ish haqi evaziga mehnat qilayotganliklari kishini tashvishlantiradi. Shu bois mazkur soha vakillarining mehnatini ulugʻlash, ularga munosib mehnat sharoitini yaratib berish borasida bir qator fikr-mulohazalar hamda takliflarimni bildirib oʻtmoqchiman.
Amaldagi mehnat qonunchiligimizga binoan ish beruvchi hamda xodim oʻrtasida tuziladigan mehnat shartnomalariga muvofiq, ish beruvchilar tomonidan xodimlar oʻz vazifalarini bajarishlari uchun barcha shart yaratib berilishi lozim.
Ammo bugungi kunda shahar va qishloqlarimizdagi koʻcha va xiyobonlarni obodonlashtirishga masʼul boʻlgan xodimlarning mehnat muhofazasi, yaratib berilgan ish sharoitlari hamda oylik maoshlari boshqa kasblarga nisbatan qoniqarsiz holatda. Xususan, xodimlarning tushlik qilishlari uchun yetarli sharoitlar yaratib berilmagan. Shu bois ular oʻzlari mehnat faoliyatini olib borayotgan joylarda, gigiyenik normalarga amal qilmasdan tushlik qilishga majbur boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-iyundagi “Aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2020-yil 1-yanvardan obodonlashtirish boʻlinmalari xodimlariga ovqatlanish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida kompensatsiya toʻlab berilmoqda. Bugungi narx-navoning oʻsish surʼati va xodimlarga aniq bir tartibda ish sharoiti belgilab berilmaganligini hisobga olsak ovqatlanish uchun ajratilgan mablagʻ yetarli emas.
Shuningdek, ularning ish faoliyatida mehnat qonunchiligi tartibida aniq vaqt belgilanmagan, yoki mehnat shartnomasida belgilangan normalarga amal qilinmaydi. Chunki yoz faslida ertalabki soat 06.00 da yoki kechki 19.00 dan keyin ham ularni oʻz mehnat faoliyatlari bilan shugʻullanayotgan holatda koʻramiz. Qish faslidagi turli bayramlar yoki boshqa tadbirlar doirasida ularni qahraton sovuqlarda gul ekayotgan yoki obodonlashtirish bilan shugʻullanayotgan holatda uchratishimiz mumkin.
Ammo belgilangan ish vaqtidan ortiqcha vaqtda qilingan mehnat uchun qonunchilik normalari tartibida ularga qoʻshimcha ish haqi va ustamalar toʻlab berilyapti, deb ayta olmaymiz. Agar qoʻshimcha ustamalar toʻlab berilgan taqdirda ham ularni bunday mehnat sharoitlari yaratilmagan holatda oʻz vazifalariga jalb qilish insoniylikka xos boʻlmagan holatdir. Shu bilan birga, xodimlarning mehnat faoliyati davomida foydalanishlari uchun zamonaviy biohojatxonalar ham kerakli joylarda oʻrnatilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu zahmatkash kasb egalarining faoliyati uchun yetarli darajada mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha quyidagi ishlarni amalga oshirish lozim deb hisoblayman:
– har bir hududdagi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari uchun ajratilgan ish binolarini qayta koʻrib chiqish va xodimlar sonidan kelib chiqqan holda taqsimlash;
– yilning toʻrt faslida mahalliy byudjet hisobidan oʻz vaqtida sifatli ovqatlanishlarini taʼminlash uchun innovatsion uslubda oshxona xizmatiga moslashgan avtobuslar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
– koʻchma holatda boʻlsada biohojatxonalar tizimini ishga tushirish;
–oʻz hududlaridagi jamoat transportlarida bepul harakatlanishlari uchun imtiyoz berish;
– oylik maoshlarini hisoblab chiqish tizimini qayta koʻrib chiqish;
– ularning mehnat faoliyatidagi eng katta toʻsiqlardan biri boʻlgan jamoat joylaridagi yetarli boʻlmagan chiqindi yashiklar tizimini kengaytirish.
Yurtdoshlarimiz mehnat qonunchiligidagi bu kabi holatlar yana koʻplab soha va kasblarda uchrashini taʼkidlashi mumkin. Ammo tan olib aytishimiz kerakki, hech bir kasb egalarining bugungi kundagi mehnat sharoitlari hamda ularning ish yuklamasi sizu bizning yaqinlarimiz va yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarning bahridili ochilib yashashiga imkon yaratib beradigan darajada tozalikni taʼminlashga qoʻshilgan hissachalik emas» deb yozadi deputat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring