Buxorolik 102 yoshli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisini qachongacha aldashadi?

Ahmad Gʻulomov 1939-yilda armiya safiga joʻnaganida endigina 18 yoshga kirgandi. Oʻshanda uni yoʻlga kuzatarkan otasi duoga qoʻl ochib, “Oʻgʻlim, peshonang toshdan boʻlsin”, dedi.
Farishtalar yaxshi gapga “Omin” deydi. Ahmadning peshonasi chindan ham toshdan ekan. U Finlyandiya bilan kechgan urushda qatnashdi. Fashistlar Germaniyasiga qarshi ayovsiz janglarda ishtirok etdi. Yapon urushi qatnashchisi boʻldi. Taqdirning inoyati bilan sogʻ-omon qoldi. Yetti yillik ayriliqdan soʻng, 1946-yilda Oʻzbekistonga, ona-yurti Buxoroga qaytib keldi.
El qatori ishladi. Turmush oʻrtogʻi Muhiba Samiyeva bilan besh farzandni oq yuvib oq taradi. Taqdir ekan, jufti halolini, keyin esa toʻngʻich farzandini tuproqqa topshirdi.
— Hukumatimizga, rahbarlarimizga rahmat, — deydi hali-hanuz xotirasi tetik otaxon. — Biz, urush qatnashchilari doimo eʼzozdamiz. 2019-yilda Prezident sovgʻasi sifatida menga «Damas» rusumli avtomashina berildi. Har yili 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati mahalla, turli partiyalar faollari, mutasaddilar, harbiylar, savobtalab insonlar, yoshlar sovgʻa-salom bilan hovlimizga kelib bayram bilan qutlashadi. Koʻnglim togʻday koʻtariladi.
Otaxon shu soʻzlarni aytarkan, oʻgʻli, 69 yoshli Mahmud aka koʻmagida kostyumini kiyishga chogʻlanadi. "Yengini oʻng qoʻldan kirgazgin", deya unga yengilgina tanbeh ham berib qoʻyadi.
— Oʻgʻlimning oilasi bilan shu hovlida yashayman, — davom etadi Ahmad bobo. — Hammom va hojatxona hovlining chekkasida joylashgan. Har kecha zarurat yuzasidan 3-4-marta chiqishimga toʻgʻri keladi.Qiynalaman. Yashab turgan uyimning ahvolini esa koʻrib turibsiz. Oʻgʻlim ham pensioner. Nafaqaga yashaydi. Bu uyni qaytadan qurishga qurbi yetmaydi.
Ahmad aka yashab turgan uyga razm solamiz. U oʻtgan asrning 50- yillarida xom gʻishtdan tiklangan. Yillar oʻtib, uy poydevori yoʻl (koʻcha)dan chamasi bir-bir yarim metrcha pastda qolgan. Zax. Devorlar nuragan. Chakki oʻtadi. Hatto ikki-uch yilcha muqaddam uyga yondosh dahlizning bolori sindi. U hali-hanuz shundoqligicha turibdi.
— Shahar hokimligiga murojaat qilmadinglarmi? — soʻraymiz mehnat faxriysi Mahmud Gʻulomovdan.
— Bir emas, koʻp bor murojaat qildik, — deya xoʻrsinadi u. — Viloyatimiz rahbari, rahmatli Oʻktam Barnoyev bayram munosabati bilan uyimizga kelganlarida masʼullarga tegishli topshiriqlarni berdi. Hatto qoʻshnimizning mana bu holatdagi hovlisini koʻrib, bu oilaga ham koʻmaklashish kerakligini aytdi. Bilasiz, bayram bahonasida uyimizga katta-kichik mehmonlar keladi. Sizga yolgʻon, bizga chin, har yil 9-may arafasida qoʻshni hovlidagi yongʻin asoratlari koʻrinmasin, deb bu yerni koʻcha tomondan toʻsib qoʻyishadi.
Maʼlum boʻlishicha, Mahmud aka nazarda tutayotgan qoʻshni hovlida ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashagan. U vafot etgach, nima sababdandir bu uyda yongʻin sodir boʻlgan. Yongʻinni bir amallab oʻchirishgan. Ammo oradan uch-toʻrt yil oʻtsa-da asorati shundoq turibdi. Aytishlaricha, uyni buzib qayta qurishga oilaning qoʻli kaltalik qiladi. Mahalla faollari-chi? Nahotki, ular oʻtgan yillar davomida marhum urush qatnashchisining uyini epaqaga keltirish haqida oʻylashmadi?! Nahotki, butun boshli shaharda shu xonadonga yordam qoʻlini choʻzadigan kishi topilmadi? Axir, oʻtganlarning ruhini shod etish kerak emasmi?
Keling, yana mavzuga qaytaylik.
Qoʻlimizda Buxoro shahar hokimi oʻrinbosari Oʻ. Jumayevning( hozir u shahar hokimi) Tursunoy koʻchasi 12-uyda yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ahmad Gʻulomovga yuborgan javob xati. 2020-yilning 28-fevralida yoʻllangan bu xatni hech bir oʻzgarishsiz toʻligʻicha keltirishni lozim topdik:
«Sizning yoshingiz 101 da ekanligi, pensioner oʻgʻlingiz hovlisida istiqomat qilib kelayotganligingiz, uy-joydagi hojatxona uzoqroqda joylashganligi sababli qiynalayotganligingiz bois sharoitlar yaratib berishni soʻrab yozgan arizangiz shahar hokimligi tomonidan oʻrganib chiqilib, Sizning Ulugʻ Vatan urushi qatnashchisi ekanligingiz, ulugʻ yoshda —101 yoshga kirganligingiz, shuningdek, yashab kelayotgan sharoitingizni inobatga olib, uy-joyingizga sharoit yaratib berishni soʻrab yozgan arizangizni oʻrganib chiqilib, quyidagilarni bildiramiz.
Arizangiz tegishli soha mutaxassislari tomonidan joyida oʻrganib chiqilib, uydagi sharoitlar oʻrganib chiqildi. Sizning yoshingiz va uydagi sharoitlardan kelib chiqib homiy tashkilot aniqlanganligi (20-trestiga qarashli «ART Prof bilding»MCHJ) va 2020-yilning aprel oyida amaliy yordam berish rejalashtirilganligini maʼlum qilamiz.
Siz mazkur arizangiz boʻyicha olingan javobdan qoniqmagan taqdirda, yuqori turuvchi hokimlik yoki sud organlariga murojaat qilishingiz mumkinligini bildiramiz».
Toʻmtoq, savodsizlarcha yozilgan javob xatini oʻqib beixtiyor yodimizga mashhur kinofilmdagi lavha yodga tushadi. Eslasangiz, oʻsha epizodda oʻqituvchi imtihon topshirgani kelgan, bilimi oʻta sayoz talabaning soʻzlash ohangiga moslab «Bahongiz nnikki», deya javob beradi.
Loaqal ona tilimizni hurmat qilishni oʻrganaylik!
Yana mavzuga qaytamiz. Tabiiyki, homiy tashkilot biriktirilganidan xabar topgan Ahmad ota va uning uyidagilar yuragida umid paydo boʻldi. Ammo bahor oʻtib, yoz, keyin esa kuz keldi. Amaliy yordamdan darak boʻlmadi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi nima qilsin?Hokimlikdan kelgan javob xatida aytilganidek, sud organlariga murojaat etsinmi? Tashqariga yaqinlarining koʻmagida bir amallab kirib-chiqadigan yuz yoshdan oshgan qariyaning sudma-sud yurishini bir tasavvur qiling-a?
Chiqmagan jondan umid, deganlariday, Ahmad ota yana shahar hokimligiga murojaat qildi. 2020-yilning 23-sentyabri sanasi bilan kelgan javob xatida shahar hokimi oʻrinbosari S. Sharipov “Uyingizni taʼmirlab berish maqsadida quruvchi homiy tashkilot tanlanmoqda. Tashabbuskor homiy tashkilot homiylik tashabbusini bildirganida uyingizni taʼmirlash uchun qurilish materiallari olib berilishini bildiramiz”, deb yozdi.
Afsuski, “tanlov” choʻzilib ketdi. Kutaverib toqati toq boʻlgan urush qatnashchisi yaqinda yana bir bor shahar hokimiga yozma murojaat qildi. Javob ham keldi. S. Sharipov imzosi bilan yoʻllangan xatda ariza joyida oʻrganilgani, homiy tashkilot aniqlanganidan soʻng 2021-yilning may, iyun oylarida uy taʼmiriga amaliy yordam berilishi aytiladi.
Oʻrganishdan charchamagan baraka topgurlar, mabodo, homiy tashkilot aniqlanmasa-chi, unda uy taʼmiriga amaliy yordam berilmaydimi? Qachongacha “Aldagani bola yaxshi” qabilida ish tutiladi?!
— Murojaatga joʻyali bir javob olarmikanmiz, deb shahar hokimiga uchrashdik, — deydi otaxonning jiyani, 65 yoshli Rauf Narziyev. — Hokim qurilish boʻyicha masʼullardan biri Sobirov Azimga “Bu otaxonning masalasini birinchi navbatda hal etinglar”, deya topshiriq berdi. U esa “Buning uchun qurilish firmasi topishimiz” kerak qabilidagi vajlarni roʻkach qildi. Aldaydi. Bu ham kamlik qilganiday, «Nabiralar, abiralar bor, boboga bir qaranglar-da» deganini aytmaysizmi? Qornimgamas, qadrimga yigʻlayman, deganlari shu boʻlsa kerak-da. Axir, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari oramizda juda kam qolishdi. Ularni har qancha eʼzozlasak arziydi.
Chindan ham urush faxriylari har qancha eʼzozga loyiq. Hayot esa beshafqat. Vaqt oʻz hukmini oʻtkazayapti. Shu oʻrinda bir dalil. Ikkinchi jahon urushiga Buxorodan 73 688 nafar kishi joʻnab ketgan. Ularning 30 ming nafardan ziyodrogʻiga ona-yurtga qaytish nasib etgan, xolos. Gʻalabadan soʻng 76 yil oʻtdi. Urushdan tirik qaytganlar barmoq bilan sanarli darajada oz qolishdi. Fitrat mahallasining oʻnqir- choʻnqir yoʻldan iborat Tursunoy koʻchasidagi 12-uydan ortga qaytarkanmiz, ana shu haqda oʻyladik.
Buyogʻi masʼullarning vijdoniga havola.
Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring