Oʻzbekistonda ekstremizmga qarshi kurash borasidagi yondashuvlar konseptual jihatdan oʻzgarmoqda

07:35 06 Aprel 2021 Jamiyat
2331 0

Mustaqillikning dastlabki yillarida Oʻzbekiston ekstremistik va terroristik tahdidlarni oʻz “tana”sida his etdi. Mazkur davrda bir guruh ekstremistlar tomonidan mamlakatda siyosiy tuzumni oʻzgartirish, islom xalifaligi tuzish, davlatni shariat meʼyorlari asosida boshqarish kabi talablar qoʻyildi. Ushbu reja hamda intilishlarning asosiy qismi dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikning poydevoriga putur yetkazish hamda koʻp millatli jamiyatimizning barqaror va tinch rivojlanishiga tahdid solishga qaratildi. Shu bilan birga, ekstremistlar tomonidan hokimiyatni qurol bilan egallash kabi holatlar kuzatildi.

Terroristik xurujlarning kuchayishi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdidlarning ortishi sharoitida radikal guruhlarni zararsizlantirish, shuningdek, terroristik harakatlar ishtirokchilariga nisbatan qatʼiy qonuniy choralar koʻrildi. Shubhasiz, bu tadbirlar aholining xavfsizligini taʼminlash va mamlakat taraqqiyoti uchun barqaror ijtimoiy-siyosiy sharoitlarni yaratishga qaratilgan edi.

Bugungi kunda xalqaro terrorizm va ekstremizm oʻzida siyosiy, iqtisodiy, hududiy, maʼnaviy, axloqiy hamda diniy xarakterdagi muammolarni mujassamlashtirgan tobora murakkab ijtimoiy-siyosiy hodisaga aylanmoqda. Bu ekstremizmni faqat kuch vositalari, yaʼni maʼlum bir guruh faoliyatini tugatish yoki ularning “yetakchi”larini javobgarlikka tortishning oʻzi yetarli emasligini koʻrsatadi. Zamonaviy sharoitda ekstremizmni bartaraf etish, birinchi navbatda, uning mafkurasiga qarshi kurashni anglatadi. Chunki ekstremistik gʻoyalar va mafkuraning tarqalishi oqibatida bunday guruhlar safi kengayib bormoqda.

Bunga soʻnggi oʻn yil ichida Oʻzbekistonda bironta ham terroristik harakat amalga oshirilmaganiga qaramay, mamlakat fuqarolarining Suriya, Iroq va Afgʻonistondagi jangovar harakatlardagi ishtiroki misol boʻla oladi. Shu bilan birga, kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan shaxslarning AQSH, Shvetsiya va Turkiyada terroristik harakatlarni sodir etishi ham bu muammo yechimiga nisbatan yondashuvni qayta koʻrib chiqish, aholi orasida diniy mutaassiblikka qarshi kurashish hamda profilaktik choralar samaradorligini oshirishga katta eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatdi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzining yangi siyosiy yoʻnalishida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, xavfsizlik, dinlararo totuvlik hamda bagʻrikenglikni taʼminlashga katta eʼtibor bermoqda. Ushbu yoʻnalishdagi vazifalar 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida aniq aks ettirildi.

Xususan, ekstremizmga qarshi kurashish borasidagi yondashuvlar konseptual jihatdan oʻzgardi. Bunda asosiy eʼtibor ekstremizmning oqibatlari bilan emas, uning sabab va omillarini bartaraf etishga qaratildi. Mazkur jihatlar quyidagilarda oʻz aksini topdi.

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida zoʻravonlik mafkurasi “virusi” tarqalishining oldini olish vazifasini qoʻydi. Xususan, yoshlarda diniy-axloqiy ongni shakllantirish va maʼrifat asosida ularni mafkuraviy tarbiyalash bu yoʻnalishning asosiy boʻgʻiniga aylandi.

Mamlakatda diniy taʼlimning besh bosqichli tizimi shakllantirildi. Toshkent islom universiteti negizida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Kalom, Hadis, Aqida, Islom huquqi, Tasavvuf ilmiy maktablarining diniy-maʼrifiy taʼlim muassasalari sifatida faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ushbu muassasalarning asosiy vazifasi sifatida islom dini merosini oʻrganish hamda unga xos boʻlgan tinchlik, rahm-shafqat va bagʻrikenglik kabi haqiqiy qadriyatlarni keng targʻib qilish belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, mazkur sohada oʻqitishning ilmiy-uslubiy asoslari takomillashtirildi. Unda Oʻzbekiston hududida yashab ijod qilgan, islom dinining insonparvarlik qadriyatlarini targʻib etgan buyuk ilohiyotchilarning diniy va falsafiy asarlarini chuqur fundamental tadqiqotlar asosida oʻrganishga katta urgʻu berildi.

Eʼtiborli jihati, mazkur jarayonda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalalarini oʻrganish natijalari asosida ilmiy tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, targʻibot va tashviqot tadbirlarini oʻtkazish choralari amalga oshirilmoqda. Bunda islom maʼrifati hamda diniy bagʻrikenglik anʼanalarini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni kuchaytirish kun tartibiga chiqmoqda.

Shu bilan bir qatorda, aholining, ayniqsa, yoshlarning bilim saviyasini oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Ularning taʼlim olish imkoniyatlari kengaymoqda va taʼlim sifati yaxshilanmoqda. Bu ham keng bilim va yuksak tafakkurga ega boʻlgan yoshlar tarkibini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, soʻnggi yillarda xalqimizga xos insonparvarlik va kechirimlilik siyosatini ekstremistik gʻoyalarga qarshi yoʻnaltirishga qaratilgan ishlar koʻlamini kengaytirish borasida bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, mamlakatimizda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan 20 mingdan ziyod fuqarolar maxsus hisobdan chiqarildi va bunday roʻyxatlarni yuritish amaliyotidan butunlay voz kechildi. 2017-yildan to bugungi kungacha ekstremizm uchun hukm qilingan 4 ming nafardan ortiq shaxslar afv etildi.

Oʻtgan davr mobaynida insonparvarlik tamoyilining huquqiy asoslari mustahkamlandi. Jumladan, 2018-yilning 19-sentyabrida “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni eʼlon qilindi. Mazkur Farmon ekstremistik guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan, oʻz qilmishining qonunga xilofligini anglab yetgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan fuqarolarga Vataniga, oilasi bagʻriga, tinch hayotga qaytish imkonini beradi.

Farmonga muvofiq tuzilgan komissiya birgina oʻtgan yilning oʻzida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan 40 nafar fuqaroni jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida taqdim qilingan murojaatlarni koʻrib chiqdi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — mazkur toifadagi insonlar oʻzlarini davlat himoyasi va gʻamxoʻrligi ostida, toʻlaqonli fuqarolar sifatida his qilishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir. Boisi davlat hamda jamiyat uchun xavflilik darajasi uncha yuqori boʻlmagan fuqarolarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish usulidan keng foydalanish oʻzining aks taʼsirini berib, ularni yana-da gʻazablantirishga hamda davlatga qarshi harakat qilishga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, 2018-yilda “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Unda mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, shu bilan birga, uning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish belgilangan.

Uchinchidan, mamlakatda ekstremizmni keltirib chiqaruvchi omil va shart-sharoitlarga qarshi qaratilgan ishlarga katta eʼtibor berilmoqda. Bu borada ikki xil yoʻnalishda, yaʼni mafkuraviy hamda amaliy saʼy-harakatlarni oʻz ichiga olgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mafkuraviy yoʻnalishdagi ishlarga davlat va huquqni muhofaza qilish organlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari ham jalb etilmoqda. Xususan, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Ichki ishlar vazirligi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda jamiyatda vijdon erkinligi kafolatlari hamda diniy-maʼrifiy muhit barqarorligini taʼminlash boʻyicha doimiy hamkorlikni nazarda tutuvchi yangi tizim asosida tegishli ishlar tashkil etilgan.

Yangi tizim doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari etib: 1) din sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, vazifalari va prinsiplarini keng jamoatchilikka, davlat hamda jamoat tashkilotlari rahbar va xodimlariga tushuntirish, ularning faolligi, tashabbuskorligini oshirish; 2) aholining, ayniqsa, yosh avlodning diniy va dunyoviy qarashlarini rivojlantirish; 3) ommaviy axborot vositalari, internet saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan radikal gʻoyalarga qarshi milliy anʼana va qadriyatlarimizning keng targʻib etilishini taʼminlash belgilangan.

Bunga asosiy sabab esa yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berish, soxta gʻoyalarni asl diniy qadriyatlar sifatida talqin qilish va aholi orasida nosogʻlom aqidani singdirish holatlari kuzatilayotganidir.

Amaliy yoʻnalishda esa sodir etgan qilmishiga pushaymon boʻlgan hamda tinch turmush tarziga qaytgan fuqarolar, shuningdek, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar faoliyatida ishtirok etishga moyil boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda.

Qolaversa, ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga eng koʻp tushuvchi toifa vakillari, yaʼni ayollar va yoshlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, jinsi, millati hamda kelib chiqishidan qatʼi nazar, teng imkoniyatlar yaratish, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik kabi yoʻnalishlarda ishlar olib borilmoqda.

Asosiy maqsad — ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga qayta tushishga moyil boʻlgan shaxslarni ham mafkuraviy, ham amaliy qoʻllab-quvvatlash hamda ekstremistlarning ijtimoiy bazasini qisqartirish. Eng muhimi, fuqarolarni ushbu buzgʻunchi mafkuraga moyil qiladigan sabab va sharoitlarga, jumladan, ijtimoiy tengsizlik, kamsitish, inson huquq hamda erkinliklarini buzishga qarshi kurashishdir.

Toʻrtinchidan, ekstremistik gʻoyalarga qarshi profilaktik choralar nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilmoqda. 2019-yilda boshlangan hamda Yaqin Sharq va Afgʻoniston hududidan Oʻzbekiston fuqarolarini olib chiqishga qaratilgan “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi bunga yaqqol misol boʻla oladi. Xususan, 2019-2020-yillar davomida 318 nafar Oʻzbekiston fuqarosi, asosan, ayollar va bolalar oʻz Vataniga qaytarildi. Mazkur shaxslarni Oʻzbekistonga qaytarish oldidan ular bilan suhbatlar oʻtkazildi va sodir etgan qilmishiga pushaymon boʻlgan hamda tinch turmush tarziga qaytish niyatidagi fuqarolar saralab olindi. Ayni paytda repatriatsiya qilingan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun doimiy ravishda individual hamda maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, profilaktik tadbirlar doirasida ekstremistlar domiga tushish ehtimoli katta boʻlgan shaxslar guruhi, shu jumladan, mehnat muhojirlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ichki ishlar vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkiloti vakillaridan tashkil topgan guruhlar muntazam ravishda Rossiya hamda Qozogʻistondagi oʻzbek mehnat muhojirlari va talabalari oʻrtasida profilaktik tadbirlarni oʻtkazib kelmoqda. Unda ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga tushib qolmaslik borasida suhbatlar, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi fuqarolarga huquqiy hamda ijtimoiy yordam koʻrsatish masalalariga alohida urgʻu berilayotgani eʼtiborga molik.

Beshinchidan, ekstremizmga qarshi kurash borasidagi qarashlarning oʻzgarishi jahon hamjamiyati tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Boisi mazkur yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar qatoriga mamlakatda diniy bagʻrikenglik va vijdon erkinligini taʼminlash, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish kiritilganidir.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda din sohasida ham yangicha yondashuv va tamoyillarni oʻzida aks ettirgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Diniy tashkilotlar faoliyati erkinligining huquqiy kafolati sezilarli darajada kuchaytirildi. Jumladan, diniy tashkilot faoliyatini tugatish boʻyicha qaror chiqarish vakolati roʻyxatga oluvchi organdan sudlarga oʻtkazildi.

Bundan tashqari, yurtimizda jamiyat hamjihatligini taʼminlaydigan muhim omil sifatida konfessiyalararo muloqotni mustahkamlash mexanizmlari takomillashtirildi. 2018-yilda Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzurida jamoatchilik-maslahat organi sifatida faoliyat olib boruvchi Konfessiyalar boʻyicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Unga Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan turli konfessiyalarga mansub barcha diniy tashkilotlar kiritildi.

Eng muhimi, Oʻzbekistonda ekstremizmga qarshi kurashda olib borilayotgan saʼy-harakatlarni xalqaro tashkilotlar nafaqat eʼtirof etmoqda, balki oʻrtaga tashlanayotgan tashabbuslarni ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi asosida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiyani BMTga aʼzo davlatlar bir ovozdan maʼqulladi. Dunyoda dinlararo qarama-qarshiliklar kuchayayotgan, ekstremizmdan kelib chiqayotgan tahdidlar ortayotgan bir davrda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi ushbu zamonaviy chaqiriqlarga oʻziga xos javob, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

2020-yilning dekabr oyida AQSH Davlat departamenti Oʻzbekistonni diniy erkinlik sohasidagi Maxsus kuzatuv roʻyxatidan chiqardi. Mazkur jarayonni baholar ekan, AQSH Davlat departamenti sobiq kotibi M. Pompeo “Oʻzbekiston boshqa davlatlar uchun oʻrnak boʻlishi mumkin”ligini qayd etdi.

2020-yil 13-oktyabrda Oʻzbekiston tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylandi. Ushbu saylovlarda Oʻzbekiston eng koʻp ovoz olgan davlat qatorida zikr etildi. Bu ham inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga asoslangan ekstremizm hamda terrorizmga qarshi kurashning dolzarb muammolarini hal qilishda Oʻzbekistonning yondashuvlari xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinganini koʻrsatadi.

Umuman olganda, ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi qarashlarning oʻzgarishi bir tomondan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan oʻz samarasini berayotgan boʻlsa, ikkinchidan, islohotlar natijasida fuqarolarning hukumatga boʻlgan ishonchi ortib, aholining diniy erkinliklari kafolatlari uchun sharoit yaratishga asoslangan davlat va aholi oʻrtasidagi munosabatlarning yangi modeli barpo etilmoqda. Ushbu modelning asosini esa islom maʼrifati hamda diniy bagʻrikenglik anʼanalarini mustahkamlash tashkil etmoqda. Bunday yondashuv, shubhasiz, yaqin istiqbolda oʻz natijasini beradi.

Temur AHMEDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
boʻlim rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?