Fargʻona neftni qayta ishlash zavodining Oltiariqdagi 800dan ortiq ishchi-xodimga ega korxonasi yopiladimi?! 

17:49 25 Yanvar 2021 Jamiyat
3188 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJning Oltiariq yoqilgʻi ishlab chiqarish xodimlari tomonidan ushbu korxona oʻz faoliyatini toʻxtatishi bilan bogʻliq murojaatlar keng tarqalmoqda.

Oltiariqdagi korxona bir asrdan ziyod tarixga ega boʻlib, u Fargʻona vodiysidagi ilk sanoat korxonalari sirasiga kiradi. Korxonaning yarim tayyor benzin va yengil dizel mahsulotlari Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi (FNQZ) obyektlariga tashilib, qoʻshimcha qayta ishlanadi. Bu kabi sarf-xarajatlar mahsulot tannarxining oshib ketishiga olib kelmoqda.

Xoʻsh, haqiqatan ham, 800 nafardan ziyod ishchi-xizmatchisi boʻlgan Oltiariqdagi korxona oʻz faoliyatini toʻxtatadimi?!

FNQZ direktori oʻrinbosari B. Moʻminovning maʼlum qilishicha, zavod Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra, “Jizzakh Petroleum” MCHJ qoʻshma korxonasiga ishonchli boshqaruvga berilgan. Xom ashyo yoʻqligi uchun Oltiariq yoqilgʻi ishlab chiqarish korxonasi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Shunga qaramay korxonaning shtat birliklari saqlanib qolib, ish haqi va jamoa shartnomasiga asosan barcha imtiyozlar toʻliq berilishi taʼminlanmoqda.

2020-yil davomida Oltiariqdagi korxonada ishchi-xodimlariga 39 mlrd. 428 mln. soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar amalga oshirildi. Shuningdek, korxona ishlamagan 2020-yilning aprel-dekabr oylari uchun 26 mlrd. 501 mln. soʻmlik toʻlovlar toʻlab berildi.

2021-yilda xomashyo yetishmasligi sababli Oltiariqda ishlovchi 67 nafar xodimlar FNQZning 32-taʼmirlash-qurilish montaj hamda 13-avtotransport sexlariga oʻtkazildi.

2021-yilning mart oyidan ayrim xodimlar guruhi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 89-moddasiga koʻra, mehnat shartlarini oʻzgartirish, ish vaqti va unga mutanosib ravishda ish haqini qisqartirish rejalashtirilgan. Bu chora vaqtinchalik boʻlib, ish hajmi ortishi bilan yana toʻliq ish rejimiga qaytish koʻzda tutilmoqda. Ushbu masala oʻtgan yilning dekabr oyida Oltiariqda va FNQZda ishchi guruhi bilan muhokama qilinib, 1 mln. soʻmlik ish haqi va oyiga ikki marotabadan kam boʻlmagan ishga chiqish shartlari bilan ishchi-xodimlar tomonidan maʼqullangan.

2020-2023-yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish dasturi doirasida FNQZda neftni qayta ishlashning istiqboli yoʻnalishlari aniqlanib, 5 ta yangi texnologik obyekt qurilishi va 7 ta ishlab chiqarish obyektlarini rekonstruksiya qilish belgilangan. Bu dasturni amalga oshirish orqali uglevodorodlarni qayta ishlash imkoniyati kengayishiga erishiladi. 2023-yildan boshlab yuz foiz “Yevro-5” sifatidagi yoqilgʻilar, xalqaro API standartlari talabiga javob beradigan moy mahsulotlari ishlab ishlab chiqarish joriy etiladi.

B. Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер