33 ta holatda tuman hokimliklari tomonidan yer berish tartibi buzilgan

16:33 25 Noyabr 2020 Jamiyat
1059 0

Maʼlumki, hozirgi kunda qishloq xoʻjaligida 20 mln gektardan ortiq, shu jumladan 3,2 mln gektar sugʻoriladigan ekin yer maydonlaridan foydalanib, aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom ashyo yetishtirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi “Yer kodeksi”ga muvofiq yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini koʻzlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash va yaxshilashni, xoʻjalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan iborat.

Yerga oid qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda eng avvalo fuqarolarga, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash, qonun buzilishini davom etishini oldini olish chorasini koʻrgan holda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish ham muhim ahamiyatga ega.

Joriy yilning oʻtgan 10 oyi mobaynida «Oʻzagroinspeksiya» tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida jami 5183 ta holatda 27 ming 673 gektar maydonda qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Jumladan, 1369 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 2123 gektar yer maydonlari oʻzboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy uy-joy va boshqa qurilishlar qurib olish, 3414 ta holatda 17561 gektar yerlardan belgilangandan boshqa maqsadlarda foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish, 33 ta holatda 368 gektar tuman hokimliklari tomonidan yer berish tartibini buzish, 70 ta holatda 100 gektar foydalanilgan yerlarni oʻz vaqtida qaytarmasdan foydalanish, 297 ta holatda 7521 gektar xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan oʻzboshimchalik bilan chetga chiqish va davlat yer kadastri maʼlumotlarini buzib koʻrsatish kabi qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Mazkur aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va choralar koʻrish maqsadida, noqonuniy holatni sodir etgan shaxslar va yer egalariga 3056 ta holatda ogohlantirish xati, bartaraf etishlarini soʻrab bajarilishi majburiy boʻlgan 66 ta holatda koʻrsatma, mahalliy davlat hokimiyati organlariga 360 ta holatda taqdimnomalar kiritilgan.

Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan 2390 ta qonunbuzilishi holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqishlik uchun sudlarga, 263 ta holatda huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilishi taʼminlandi.

Sohadagi qonunchilik ijrosi yuzasidan qishloq xoʻjaligi yerlarini asrab avaylash, yerdan maqsadli va oqilona foydalanish, ekin maydonini muomaladan chiqarmaslik ustidan tizimli nazorat oʻrnatilgan boʻlib, buni oldini olishga qaratilgan targʻibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер