“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamalari davom etmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash doirasida muhokamalar tashkil etildi. Qonun loyihasida taʼlim tizimi va din masalalarining huquqiy tartibga solinishi mavzusi ishtirokchilar eʼtiborida boʻldi.
Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan tadbirda Adliya vazirligi masʼul xodimlari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita masʼullari, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi masʼullari, Xalqaro islom akademiyasi, diniy taʼlim muassasalari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Yangi tahrirdagi qonun loyihasi har kimning vijdon erkinligiga boʻlgan huquqini, dinga boʻlgan munosabatidan qatʼi nazar fuqarolar tengligini, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash borasida davlat organlari va diniy tashkilotlar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Taʼkidlash lozim, qonun loyihasi parlament quyi palatasiga kiritilgandan soʻng Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Oʻtgan davr mobaynida fuqarolarimiz va diniy tashkilotlar vakillaridan 500 dan ziyod takliflar kelib tushdi va ularning aksariyatida yangi tahrirdagi qonun loyihasidagi oʻzgartishlar maʼqullangan. Shu bilan birga, qonun loyihasi yuzasidan xalqaro tashkilotlar jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasi tomonidan bir qator izoh va takliflar berildi.
Qayd etilganidek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida taʼlim tizimi va din masalalari huquqiy tartibga solingan. Xususan, Oʻzbekistonda taʼlim tizimi dindan ajratilgan. Taʼlim tizimining oʻquv dasturlariga (diniy taʼlim muassasalari bundan mustasno) diniy fanlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Fuqarolarning dunyoviy taʼlim olish huquqi ularning dinga boʻlgan munosabatidan qatʼi nazar taʼminlanadi.
Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganlaridek, Oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq umumiy majburiy oʻrta taʼlim olganidan keyin qabul qilinadi. Har kim diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olish huquqiga ega. Shuningdek, diniy oʻquv yurtlarida diniy fanlarni oʻqitayotgan shaxslar diniy taʼlim olgan boʻlishlari va oʻz faoliyatlarini tegishli markaziy boshqaruv organining ruxsati bilan amalga oshirishlari lozim.
Qonun loyihasida xususiy tartibda diniy taʼlim berish taʼqiqlanmoqda. Xususiy tartibda diniy taʼlim berish noqonuniy diniy faoliyat deb topiladi va qonun bilan cheklanadi. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻzlarining bolalariga diniy amaliyot va odob-axloq asoslarini oʻqitishi bundan mustasno ekanligi belgilab berilgan. Markaziy boshqaruv organlari va diniy taʼlim muassasalarini roʻyxatdan oʻtkazish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Tadbir yakunida qoʻmita aʼzolari va tadbir ishtirokchilari tomonidan qonun loyihasiga oid fikr-mulohazalar va takliflar bildirilib, ular asosida tegishli qaror qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring