Alisher Usmonov marhamatliklarga 2,5 mlrd. soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatdi
Oʻzbek xalqi azal-azaldan eng ulugʻ insoniy fazilatlarga ega. Shuning uchun ham tarixning ming bir chigʻiriqlarini ahil-inoqlik, birdamlikda yengib kelgan. Ocharchilik yillari, urush davrida ham bu xalqning matonati, sabr-toqati, mehr-oqibati inson zotiga buyuk haykal qoʻygan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Aksariyat davlatlar kabi mamlakatimiz ham yana bir sinovli damlarni boshidan kechirmoqda. Koronavirus pandemiyasi hukm surayotgan bir kezda Buxoro va Sirdaryoda yuzaga kelgan koʻngilsizliklar xalqimizni yana-da jipslashtirdi. Deyarli har bir viloyatda yuzaga kelayotgan yogʻingarchilik, shamol taʼsiridagi katta-kichik tabiiy ofatlar birdamlikda yengib oʻtilmoqda. Mana shuncha muammo va tashvishlar hukm surayotgan bir kezda hukumatimiz aholi turmush tarzini yaxshilash, kambagʻallikka barham berish, respublika iqtisodiyotini yuksaltirish borasida bor kuch va imkoniyatni ishga solmoqda. Buning uchun turli imtiyoz va sharoitlar yaratilyapti. Buni koʻrgan har bir zamondoshimiz xayrli ishlardan chetda qolishni istamaydi. Hech boʻlmaganda bir ogʻiz shirin soʻz bilan koʻngilni olish, dardlarga malham boʻlish, moddiy yoki maʼnaviy koʻmak berish kundalik odatimizga aylandi. Bu kabi harakatlarimiz bizni davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida yana-da jipslashtirdi. Ushbu harakat orqali koronavirus pandemiyasi davrida moddiy jihatdan ehtiyojmand oilalar qatoridan joy olgan yurtdoshlarimiz qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Marhamat tumani Andijon viloyatining qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh qismida joylashgan boʻlib, tan olish kerak, iqtisodiyoti endigina yuksalish sari qadam qoʻygan tumanlardan biri hisoblanadi. Oʻrganish davomida tumandagi jami 48 ta mahalladan 1000 ta oila ehtiyojmand, deb topilgan. Ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish mahalliy hokimliklarning kundalik muhim vazifasiga aylangan bir kezda oʻzbekistonlik taniqli biznesmen Alisher Usmonovning 2,5 milliard soʻm miqdoridagi moddiy yordami mehr-saxovatning haqiqiy ifodasi boʻldi. Shu asosda har bir oilaga 2,5 million soʻmdan berildi.
— Kundalik tashvishlar bilan ovora boʻlib hatto oilamizning, ayniqsa, farzandlarimizning istiqboli haqida qaygʻurish koʻnglimizga ham sigʻmayotgan bir paytda saxovatli insonlarning koʻrsatgan muruvvati eng katta mukofot boʻldi,— deydi marhamatlik Abdurasul Inomov. — Bu mablagʻ nafaqat moddiy yordam, balki, ertangi kunimizga, hukumatimizga, mehri ummon zamondoshlarimizga boʻlgan ishonch ifodasidir. Bizga shu qadar eʼtibor koʻrsatilgan ekan, biz oʻzimiz ham bu ishonchni oqlaymiz.
Ajratilgan mablagʻlardan iborat “Oʻzmilliybank” aksiyadorlik jamiyati plastik kartalari har fuqaroga mutasaddilar tomonidan yetkazib berildi.
Bu dunyoda aslida mehrdan yaralgan, deganlaricha ham bor! Bir-birimizga mehr-oqibatli boʻlar ekanmiz, demak, oldimizda turgan har qanday gʻovni yenga olamiz!
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”,
Rustamjon ESHONOV olgan surat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring