Islohotlardan maqsad xalqimizni yanada maʼrifatli, baxtli-saodatli koʻrishdir

15:43 11 Yanvar 2020 Madaniyat
3545 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 6-yanvar kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarini qabul qilib, 70 yillik tavallud ayyomi bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari muftiy hazratlariga mamlakatimizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu gʻoyalarini, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini tadqiq etish va xalqaro miqyosda keng targʻib qilish ishiga qoʻshgan munosib hissasi, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, bagʻrikenglik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash yoʻlidagi ibratli faoliyatining yuksak eʼtirofi ramzi sifatida “El-yurt hurmati” ordenini topshirdi.

Kuni kecha Saudiya Arabistonida oʻtkazilgan Islom olami uyushmasining 44-qurultoyida ishtirok etib, yurtimizga qaytgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlaridan keyingi kunlarda hayotlarida yuz bergan quvonchli voqealar hayajoni, Prezidentimizning diniy ulamolarga koʻrsatayotgan alohida eʼtibori, umuman, yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida eksklyuziv intervyu oldik.

— Avvalo, yaqinda davlatimiz rahbari Farmoniga muvofiq, davlatimizning nufuzli mukofoti — “El-yurt hurmati” ordeni ila taqdirlanganingiz bilan tabriklaymiz. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik, kelgusi ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz.

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Eʼtibor uchun tashakkur. Prezidentimiz tomonlaridan berilgan ushbu yuksak orden mening shaxsim timsolida butun diniy soha vakillariga berilgan mukofot, deb oʻylayman. Chunki yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada erishayotgan yutuqlarimiz — butun jamoamiz mehnatlari mahsulidir. Yurtboshimiz olib borayotgan ishlarimizni eʼtirof etganlaridan behad minnatdormiz.

Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda ijtimoiy-maʼnaviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sogʻlom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrashda yaqin yordamchi sifatida diniy soha vakillariga alohida eʼtibor qaratdilar. Shu bilan birga, yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarda imom-xatiblar, ulamolarning oʻz taklif va maslahatlari bilan faol ishtirok etishlariga shart-sharoitlar yaratildi. Biz bu eʼtiborni qadrlab, bor kuch va salohiyatimizni xalqimizning maʼrifatini, maʼnaviyatini yuksaltirish, hayot darajasi va sifatini oshirish yoʻlida safarbar etishga doimo tayyormiz.

— Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan barcha sohada amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar shiddatli tus oldi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda fuqarolarning diniy erkinligini taʼminlash, bagʻrikenglik, maʼrifiy islom gʻoyalarini targʻib qilish borasida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida nimalar deya olasiz?

— Prezidentimiz tomonlaridan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bugun ijobiy oʻzgarishlarni yurtimizdagi har bir inson oʻz taqdiri misolida yaqqol his qilyapti.

Diniy-maʼrifiy jabhada ham ahamiyati beqiyos ishlar amalga oshirilayotganini hammamiz koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz. Yangidan barpo etilayotgan masjidlar, ulugʻ ajdodlarimiz nomidagi majmualar, ochilayotgan diniy taʼlim muassasalari, sohada xalqaro hamkorlik rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolarning diyorimizga tashrif buyurayotgani, nufuzli tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatilayotgani yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch, gʻurur-iftixor bagʻishlamoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlarning mazmuni, ulardan koʻzlangan muddaolar haqida uzoq gapirish mumkin. Masalan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxorodagi Mir Arab madrasasiga oliy maqom berilishida katta maʼno bor. Zero, ushbu taʼlim dargohi besh yuz yil avval ana shunday yuksak maqomda tashkil etilgandi. Yillar davomida bu yerda yuzlab olimu ulamolar kamolga yetgan. Biroq oʻtgan asrdagi eʼtiborsizlik oqibatida muassasa oʻz mavqeini yoʻqotgandi. Davlatimiz rahbari tomonidan madrasaga oliy maqom berilishi yana bu yerdan allomalar, mutafakkirlar yetishib chiqishiga umid uygʻotadi. Shaxsan men ushbu madrasaning Misrdagi Al-Azhar universiteti bilan bir xil maqomga koʻtarilishiga ishonaman. Bundan tashqari, yurtimizda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildiki, bu ezgu ishlaridan maqsad dunyo tamadduni beshiklaridan biri boʻlgan Oʻzbekistonning tarixiy yuksak maqomini qayta tiklash, Vatanimizni ilm-fan markazlaridan biriga aylantirish, shu orqali diyorimizda navbatdagi renessansni — uygʻonish davrini yuzaga keltirish, xalqimizni yanada maʼrifatli, baxtli-saodatli koʻrishdir.

Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz ruhini shod qilib, ularning qadamjolari obod etilayotgani, ilmiy-maʼnaviy merosini keng miqyosda oʻrganish, tadqiq va targʻib etishga muhim sharoitlar yaratilayotgani hayotimizni milliy qadriyatlar asosiga qurish, yuksak maʼnaviyatli avlodni kamolga yetkazish, eng oliy neʼmat — tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, dunyoda tobora dolzarb masalaga aylanib borayotgan terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik kabi illatlarga qarshi maʼrifat bilan kurashishga xizmat qilmoqda.

— Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan ishlarga jahon jamoatchiligi hamda xalqaro ekspertlar qanday baho bermoqda?

— Dunyo ahli bugun insoniyat taraqqiyotida keskin burilishlar roʻy berayotgan tarixiy bosqichda yashamoqda. Inson ongu qalbi uchun kurash tobora shiddatli tus olyapti. Eng afsuslanarlisi, koʻplab insonlar umriga zomin boʻlayotgan terrorizm, aqidaparastlikni ayrim gʻarazli kuchlar tomonidan tinchlik va insonparvarlik dini boʻlgan islomga bogʻlash orqali dunyo musulmonlariga nisbatan salbiy kayfiyatni shakllantirish, islomofobiyani keng yoyishga harakatlar kuzatilmoqda. Bu esa jahonning turli mintaqalarida etno-konfessional ziddiyatlar vujudga kelishi, yangidan-yangi nizo oʻchoqlari paydo boʻlishiga sabab boʻlayotir.

Ana shunday murakkab bir davrda Prezidentimiz hatto jahonning eng yuksak minbarlaridan turib, xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini jaholat va murosasizlik tashkil etishini, shu bois odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekanini taʼkidlab kelyaptilar. Mazkur yondashuvni xalqaro ekspertlar, dunyo jamoatchiligi yuksak baholayapti. Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”, degan soʻzlari jahon boʻylab keng aks sado berdi. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi qoʻllab-quvvatlandi va qabul qilindi. Bu terrorizm, ekstremizm, zoʻravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning oʻtkir muammolariga ilm-maʼrifat, oʻzgalarga adolatli va bagʻrikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosat eng toʻgʻri yechim ekanini dunyo jamoatchiligi tan olgani va anglayotgani ifodasidir.

Oʻtgan yillar davomida Amerika Qoʻshma Shtatlari, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Ozarbayjon, Checheniston, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va qoʻshni davlatlarda xizmat safarlarida boʻlganimizda mutasaddilar hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan Oʻzbekistonda diniy erkinliklar, inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlar alohida eʼtirof etilib, yuqori baholandi.

Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan nufuzli mehmonlar ham olib borayotgan ishlarimizni koʻrib, oʻz mamnunliklarini bildiryapti. Jumladan, Pokiston davlati muftiysi Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh Oʻzbekiston zaminiga safarlari chogʻida “Men ushbu zaminni ziyorat qilish tavsiya etilgan uch muqaddas joydan — Masjidi haram, Masjidi Nabaviy va Aqso masjididan keyingi oʻringa qoʻyaman. Bu yurtni koʻrish orzu edi. Yigirma yetti yil avval Oʻzbekistonga kelgan edim. Oʻshanda faqat Samarqandni ziyorat qilishga imkon boʻlgan. Bu gal Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent yerlaridagi tabarruk joylarni ziyorat qilishga Haq taolo muvaffaq qildi. Avvalgi tashrifim bilan bu safarim orasida juda katta farq bor. Oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston moddiy va maʼnaviy jabhada ulkan yuksalishlarga erishibdi”, deganlari katta eʼtirofdir.

Shuningdek, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, “Al-Azhar” diniy majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Toyyib hazratlari ham yurtimizdagi oʻzgarishlar haqida shunday iliq soʻzlarni bildirgan edi. Bundan tashqari, MDH mamlakatlari muftiylarining eʼtiroflarini ommaviy axborot vositalari orqali doimo kuzatib turibmiz.

— Kuni kecha Saudiya Arabistonida oʻtkazilgan Islom olami uyushmasining 44-qurultoyida ishtirok etib, nutq soʻzladingiz. Ushbu nufuzli yigʻilishda qanday masalalar muhokama qilindi?

— Islom olami uyushmasi bosh kotibi, doktor Muhammad Abulkarim Iyso taklifiga binoan ushbu nufuzli tadbirda qatnashdik. Makkai Mukarrama shahrida oʻtkazilgan yigʻilishda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, yetuk ekspertlar, davlat va din arboblari hamda xalqaro islomiy tashkilotlar yetakchilari ishtirok etdi.

Yigʻilishda ayrim mamlakatlardagi mojarolar, turli mintaqalardagi musulmon ozchilikka qarshi zoʻravonliklarga barham berish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, dunyo davlatlarida tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, buzgʻunchilikning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashish va xalqlarning osuda hayotiga raxna soluvchi qora kuchlarning xatti-harakatlariga chek qoʻyishga chaqirildi. Islom qadriyatlari va anʼanalarini saqlab qolish, ularni yosh avlodga singdirish, farovonlikka erishish uchun xalqlar oʻrtasidagi birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash zarurligi qayd qilindi.

Darhaqiqat, bugun islom dunyosi tobora oʻsib borayotgan xavf va jiddiy tahdidlarga duch kelmoqda. Yovuz kuchlar, yuqorida taʼkidlaganimizdek, islomning suratini buzib koʻrsatish, uning pokiza nomini qora qilishga urinmoqda. Yoshlarni aldab, buzgʻunchi gʻoyalar va axloqsiz madaniyatga ergashtirish harakatlari koʻpaymoqda. Shubhasiz, bu muammolarning yechimi — islom dini qadriyatlarini toʻgʻri tatbiq etish, pokiza sunnatga ergashish, dinga koʻr-koʻrona va mutaassibona yondashishdan saqlanishdir.

Yigʻilishda sayyoramizning barcha hududida tinchlik va xavfsizlik oʻrnatilishi, musulmonlarning oʻzaro birdam va inoq boʻlishlari yoʻlida qatʼiy va sobit turish lozimligi alohida qayd etildi. Biz ham muhokama etilgan mavzular yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarimizni bildirdik. Oʻzbekistonda diniy sohada olib borilayotgan ishlar, yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor haqida soʻzlab berdik. Fikr va mulohazalarimizni anjuman qatnashchilari juda iliqlik bilan qarshi oldi. Aytish kerakki, Oʻzbekiston delegatsiyasining bu kabi nufuzli anjumanlarda qatnashishi mamlakatimizning jahondagi mavqei tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

Dilshod KARIMOV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?