“Imkon” lotereyasidan 50 million soʻmni yutgan yurtdoshimiz oʻz yutugʻini ololmayapti... bunga “Xalq banki” qanday munosabat bildiradi?

16:00 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
3913 0

Illyustrativ foto

Bir zumda boy boʻlib qolish orzusi... Kim ham koʻp pulga tez fursatda ega boʻlishni istamaydi deysiz. Lotereyalar tarixiga nazar tashlasak, omadli insonlar turli lotereya oʻyinlarida ishtirok etib, katta miqdordagi pullarni yutib olishganini guvohi boʻlamiz.

Aslida moʻjiza kabi tuyilgan bunday yutuqli oʻyinlar asrlar osha insonlarni oʻziga qiziqtirib, jalb etib kelmoqda. Ammo bunday omadlilarga kulib boquvchi oʻyinlar har doim ham haqqoniy boʻladimi? Savol tayin, javobni esa olis oʻtmishdan emas, shu kunlarda boʻlayotgan voqealarga qaratsak...Bugun tijorat banklari tomonidan turli yutuqli lotereyalar oʻyinga qoʻyiladi. 3000 soʻm, 5000 soʻm...arzimas summa boʻlishi mumkin.

Ammo minglab fuqarolarga pullanadigan bunday lotereyalar atrofida millionlab mablagʻlar aylanadi. “Xalq banki” tomonidan chiqarilgan “Imkon” lahzali pul lotereyasini xarid qilib, oʻynagan jizzaxlik yurtdoshimiz Zohida Abduxalilova hayotida ham moʻjiza yuz berdi...Qanday deysizmi? U ushbu lotereyadan 50 million soʻm pul yutugʻini qoʻlga kiritdi.

Yutuqli lotereyani olib, quvonchlari ichiga sigʻmagan Zohida “Xalq banki” tomon yoʻl oladi. Oz fursatda pul yutugʻini qoʻlga kiritaman deb oʻylagan yurtdoshimiz, qattiq adashganini bugun anglamoqda. Iyul oyida lotereyadan yutuqni qoʻlga kiritgan, amma hanuzgacha oʻz yutugʻini qoʻlga kirita olmayapti. Buning boisi ne deya surishtirganimizda –“Bank xodimlari lotereyadagi raqamlarni oʻchirayotganimda bexosdan pastdagi “oʻchirilmasin” yozuvi ostidagi raqamlar ham oʻchib ketgani sabab qilib keltirishmoqda” dedi quvonchi uzoqqa choʻzilmagan yurtdoshimiz.

Ammo chindan yutuqni qoʻlga kiritgan boʻlsa, bankda uning kodini aniq tekshirish imkoni boʻlsa, nima uchun bunday holat yuz bermoqda?Bunday koʻzboʻyamachilikdan kimga naf? Aslida bunday oʻyinlar odamlarni aldash uchun qilinmoqdami, savollar koʻp... javob berishga kelganda esa kimdan javob olishni bilmaysan kishi. Kimningdir peshonasiga omad boʻlib yozilgan rizqi boshqalarga buyurmasligi tayin. Shu bois “Xalq banki” mutasaddilari bu masalaga jiddiy qarab, toʻgʻri yechim topishlariga umid bildiramiz. Zero, “Imkon” kimgadir chindan imkoniyat berishi lozim nazdimizda.

Qahramon Shermatov, Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi yetakchi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер