Umumiy ovqatlanish shoxobchalari uchun “Sifat yulduzi” joriy etilmoqda

15:02 20 May 2019 Jamiyat
2775 0

Poytaxt viloyatida turizmni rivojlantirish va turistik xizmatlar koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida 2019 yil 15 maydan eʼtiboran tajriba tariqasida umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyatini baholash va ularga 5 toifadan iborat “Sifat yulduzi” sertifikatini berish tizimi joriy etildi.

Toshkent viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmatidan xabar qilishicha, “Besh yulduz” aʼlo darajadagi ovqatlanish shoxobchalariga berilsa, “Toʻrt yulduz” — namunali, “Uch yulduz” — yaxshi, “Ikki yulduz” — qoniqarli, “Bir yulduz” — tavsiya etish mumkin tarzida belgilanadi.

Umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyatini baholash va unga sertifikat berish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarga chiqib oʻrganishlar natijasida amalga oshiriladi.

Sertifikat Toshkent viloyati hokimining turizm rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, tegishli tuman (shahar) hokimi, viloyat savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi va Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan tasdiqlanadi. Sertifikatni rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi.

Ushbu sertifikatlarga ega boʻlgan umumiy ovqatlanish shoxobchalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar turistlar uchun xizmat koʻrsatadigan korxonalarga taqdim etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?