Fargʻonada uch bosqichli murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi

10:26 09 Aprel 2026 Jamiyat
208 0

Yurtimizda tibbiyot sohasi jahon andozalari darajasida jadal rivojlanayotgani samarasi sifatida ilgari xorijda bajarilgan murakkab jarrohlik amaliyotlarini mahalliy shifoxonalarda oʻzimizning shifokorlarimiz tomonidan amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Bu bemorlaring uzogʻi yaqin boʻlishini taʼminlash, kasalliklarni erta profilaktika qilish hamda mablagʻ tejashda muhim ahamiyatga ega.

Ayni jarayondagi hayotbaxsh oʻzgarishlar bois kuni kecha Fargʻona viloyatida ilk bor uch bosqichli murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Natijada viloyat kardiologiya markazida tugʻma yurak nuqsoni bilan doimiy nazoratda boʻlgan 15 yoshli bemorda uch bosqichli jarrohlik amaliyoti toʻliq yakuniga yetkazilib, bemorning sogʻligi yaxshilanishiga erishildi.

Gap shundaki, ushbu bemorda tugʻilganidan buyon bir qator ogʻir va surunkali anatomik nuqsonlar kuzatilar edi. Shu sababli yaqin yillarda Hindistonda ikkita yoʻnalishda murakkab amaliyotlar oʻtkazilgan. Ammo vaqt oʻtishi bilan surunkali kasalliklar bemorga yana ogʻriq bera boshladi.

— Bu amaliyot yurak koʻchirib oʻtkazishga muqobil yuqori texnologiyali tibbiy yordam hisoblanib, barcha jihatlarni inobatga olgan holda uch bosqichda amalga oshiriladi, — deydi markaz rahbari Kamoliddin Rahmonov. — Shu tariqa soʻnggi bosqichda sunʼiy qon aylanishi sharoitida “Fonten amaliyoti” bajarilib, jahon tibbiyotida oʻta qiyin va noyob boʻlgan yutuqqa erishildi. Ayni paytda bemorning umumiy holati barqaror va kundan kunga yaxshilanib bormoqda.

Aytish joiz, keyingi yillarda Fargʻona tibbiyotida barcha yoʻnalishlarda katta mablagʻ evaziga avval faqat xorijda bajarish mumkin boʻlgan jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Ayni jarayonda poytaxtdagi ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlar hamda xorijning nufuzli klinikalari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?