“Beshqoʻrgʻon” bozori yaqinidagi savdo kompleksi va “zapravka” yopildi

13:47 07 Aprel 2026 Jamiyat
189 0

Foto: FVV

Joriy yilning 5-aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan “Beshqoʻrgʻon” bozorida yongʻin sodir boʻlganidan soʻng, bozor atrofidagi yoqilgʻi quyish shoxobchasi yopildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Chilonzor tumanida joylashgan “Beshqoʻrgʻon” bozorida yongʻin sodir boʻlganidan soʻng, bozor hududi atrofidagi yoqilgʻi quyish shoxobchasi va savdo kompleksi tegishli tartibda Toshkent shahar FVBB tomonidan tekshirilgan.

Tekshiruv davomida avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasidagi yoqilgʻi saqlash sigʻimiga yaqin masofada joylashgan binodan omborxona sifatida foydalanilayotgani, savdo kompleksi binosidagi mavjud avtomatik yongʻin oʻchirish tizimi nosoz holda ekanligi va shunga oʻxshash bir nechta yongʻin xavfsizligi qoidalarining qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlangan. Mazkur kamchiliklar toʻliq bartaraf etilgunga qadar ularning ish faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.

“Hurmatli tadbirkorlar! Yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qiling. Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari tomonidan berilayotgan tavsiyalarga amal qiling! Xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik katta fojialarga olib kelishi mumkin”, deyiladi vazirlik xabarida.

“Beshqoʻrgʻon” bozorida yongʻin

Joriy yilning 5-aprel kuni soat 15:56 da Toshkent shahar Chilonzor tumani, Toshkent katta halqa avtomobil yoʻli koʻchasida joylashgan “Beshqoʻrgʻon” bozorida doʻkon yonayotganligi toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.

Xabarga koʻra, qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib yongʻinni bartaraf etishga kirishgan. Soat 16:53 da alangani qurshab olingan va 18:18 da u toʻliq oʻchirilgan.

Qayd etilishicha, yongʻin joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Azizbek Ikramov ham yetib borib tegishli koʻrsatmalarni berib borgan.

Vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan toʻliq nazoratga olingan. Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu yongʻin oqibatida tan-jarohati olganlar toʻgʻrisida xabar kelib tushmaganini maʼlum qilgandi. Shundan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda yongʻin tufayli jarohat olganlar bor mazmunidagi xabarlar keng tarqaldi.

Vazirlik shu mazmundagi xabarlarga munosabat bildirib, yongʻin oqibatida hech kim jarohatlanmagani toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumot berdi.

“Mamlakatimizdagi ayrim elektron nashrlar va blogerlardan maʼlumotlarni notoʻgʻri talqin qilmaslik, balki mavjud maʼlumot va axborotlardan unumli hamda oqilona foydalanishni soʻrab qoladi”, — deyiladi FVV bayonotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?