Ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Senatorlar tomonidan ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida ayrim muammolar mavjudligi taʼkidlandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori kamligi sababli ular oʻzining sezilarli tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini bermayapti.
Maʼmuriy jarimalarning mansabdor shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi esa korxonalar uchun sezilarli moliyaviy taʼsir koʻrsatmasdan, mulkdorda “jazosizlik tuygʻusi” shakllanishiga olib kelmoqda.
Amaliyotda bunday muammolar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Qonun bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun yangi bob bilan toʻldirilib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) toʻldirilib, yoqish uchun moʻljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilgʻini, yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilgʻi hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish, shuningdek issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilgʻi sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqish va shunga oʻxshash komponentlarni oʻz ichiga olgan chiqindilarni yoqish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, tabiiy resurslarning kafolatlangan himoyalanishiga, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda davlat ekologik nazoratini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring