Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan farmatsevtika savdosini 500 mln dollarga yetkazadi

18:24 06 Aprel 2026 Siyosat
381 0

Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida farmatsevtika mahsulotlari savdosi hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, agentlik direktori Abdulla Azizov Kobul shahriga xizmat safari doirasida Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Azizi bilan uchrashuv oʻtkazgan. Unda Oʻzbekiston farmatsevtika mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligi yuqori ekani taʼkidlanib, shu asosda savdo hajmini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Mazkur maqsadga erishish uchun qoʻshma operativ ishchi guruh tashkil etish zarurligi qayd etilgan. Shuningdek, Afgʻonistonda Good Distribution Practice (GDP) standartlari asosida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek yirik distribyutorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish takliflari ilgari surilgan.

Tomonlar texnik ishchi guruh tuzish, axborot almashuvini kuchaytirish hamda yaqin istiqbolda ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha kelishuvlarni imzolash muhimligini alohida taʼkidlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?