Termizda ayrim isteʼmolchilar YTH sabab gaz taʼminotisiz qoldi

18:15 05 Aprel 2026 Jamiyat
307 0

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida ayrim isteʼmolchilar vaqtincha gaz taʼminotisiz qoldi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Termiz shahar “Doʻstlik” MFY Amir Temur koʻchasida sodir boʻlgan YTHda gaz quvuriga avtomobil kelib urilgan. Natijada quvurga shikast yetib, mazkur hududdagi isteʼmolchilar gaz taʼminotidan vaqtincha uzib qoʻyilgan.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda shahar gaz taʼminoti boʻlimining avariya brigadasi tomonidan taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Xabarga ilova qilingan rasmdan shuni koʻrish mumkinki, voqea joyida “Nexia-1” va “Nexia-2” rusumli avtomashinalar oʻzaro toʻqnashgan. Suratda guvohlar jabrlangan fuqaroga yordam koʻrsatayotgani ham aks etgan. Viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi mazkur hodisa yuzasidan maʼlumot bermagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?