PPX xodimiga musht tushirgan erkakning apellyatsiya shikoyati rad etildi

21:58 03 Aprel 2026 Jamiyat
431 0

Videodan kadr

Avvalroq Toshkent shahrida PPX xodimiga musht tushirgan mast haydovchi protsessual tartibda ushlangani va unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani maʼlum qilingan edi. Toshkent shahar sudlari ayblanuvchining advokati apellyatsiya shikoyati keltirgani biroq u qanoatlantirilmaganini maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab boʻlayotgan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi. Ushbu jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi sifatida jalb etilgan B.P.ga (1990-y.t.) nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining mazkur ajrimi bugun, 3-aprel kuni Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqilgan.

Sud muhokamasi yakunida birinchi instansiya sudining ajrimi oʻzgarishsiz, ayblanuvchining advokati keltirgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Bildirilishicha, Jinoyat-protsessual kodeksining 497-34-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudining mazkur ajrimi uzil-kesil hisoblanadi.

Podpolkovnikning mast ukasi PPX xodimiga musht tushirdi

Joriy yilning 30-mart kuni tungi vaqtda Yashnobod tumanida “Malibu” va “Leapmotor” rusumli avtomobillar ishtirokida yoʻl-transport hodisasi yuz bergan. Shundan soʻng haydovchilar oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan va “Leapmotor” haydovchisi 102 raqamiga murojaat qilib, davlat raqam belgisisiz harakatlangan “Malibu” haydovchisi avariya sodir etib, unga nisbatan qoʻpol muomalada boʻlayotganini maʼlum qilgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan YPX xodimlari “Malibu” haydovchisini alkotester orqali tekshiruvdan oʻtkazmoqchi boʻlgan. Biroq haydovchi qonuniy talablarga boʻysunmasdan, xodimlarga faol qarshilik koʻrsatib, hatto ulardan birining yuziga musht tushirgan.

Shundan soʻng xodimlar oʻzlari va atrofdagilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida maxsus vositalarni qoʻllagan holda qonunbuzar fuqaroni zararsizlantirgan.

Oʻsha vaqtda uning Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida masʼul lavozimida ishlagan akasi ham vaziyatga aralashib, xodimlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilishga urindi. Uning bu harakatlari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining haqli eʼtiroziga sabab boʻlgach, u IIVning tegishli buyrugʻi bilan lavozimidan ozod etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?