Andijonda qalbaki dori vositalari tayyorlovchi 3 ta yashirin laboratoriya aniqlandi

16:45 31 Mart 2026 Jamiyat
330 0

Foto: DXX

Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida aholi salomatligiga jiddiy xavf tugʻdiruvchi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy saqlanayotgani fosh qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Andijon shahri hamda Asaka tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro oʻz yashash xonadonlarida qalbaki va sifati kafolatlanmagan tibbiy dori vositalarini tayyorlash bilan shugʻullangan.

DXX Chegara qoʻshinlari va Bojxona organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu manzillarda maxsus jihozlangan noqonuniy laboratoriyalar borligi aniqlangan. Shuningdek, umumiy qiymati 1,1 mlrd soʻmlik, jami 122 turdagi, 60 ming donadan ortiq tibbiy dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, mazkur mahsulotlar Qirgʻizistondan noqonuniy ravishda olib kirilgan boʻlib, ularning bir qismi yarim tayyor, yana bir qismi esa qayta ishlangan holatda boʻlgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu dori vositalari inson salomatligi uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.

Qayd etilishicha, hozirda aniqlangan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?