Turkiy davlatlar kosmos sari birlashmoqda
Bugun kosmik sohadagi islohotlar global raqobat va texnologik rivojlanish surʼatlari bilan uygʻun tarzda kechib, sifat oʻzgarishlarining yangi bosqichiga kirdi. Global kosmik iqtisodiyot hajmi 500 milliard AQSH dollaridan oshgani, 2030-yilga borib ushbu koʻrsatkich 1 trillion dollarga yetishi kutilayotgani fikrimiz tasdigʻidir.
“Space Technology Conference – 2026” xalqaro anjumani doirasida poytaxtimizdagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar kosmik agentliklari hamda vakolatli idoralari rahbarlarining 5-yigʻilishida qayd etilganidek, kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, koʻp tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish strategik vazifalardan biriga aylangan. Zero, ayni paytda tashkilotga aʼzo davlatlar 170 milliondan ortiq aholini qamrab olgani va keng hududga ega ekanligi kosmik xizmatlar bozorida katta imkoniyatlarni taqdim etadi.
Chindan ham, soʻnggi yillarda TDT mamlakatlari kosmik sohada sezilarli natijalarga erishmoqda. Masalan, Turkiya va Qozogʻiston yer kuzatuvi sunʼiy yoʻldoshlarini orbitaga chiqargan boʻlsa, Ozarbayjon telekommunikatsiya yoʻldoshlari orqali xalqaro xizmat koʻrsatilyapti. Oʻzbekistonda esa kosmik monitoring asosida yer va suv resurslarini boshqarish, ekologiya va qishloq xoʻjaligi sohalarida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
— Mazkur tadbir agentligimiz tomonidan ikkinchi bor oʻtkazilmoqda. Bu, albatta, Oʻzbekistonning kosmos sohasida xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi, — deydi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining xalqaro hamkorlik boʻlimi bosh mutaxassisi Behruz Mirzayev. — Bugungi tadbir kun tartibidan bir qator dolzarb masalalar oʻrin olgan. Shu jumladan, TDT doirasida birgalikda ishlab chiqilayotgan va uchirilishi kutilayotgan kichik hajmdagi sunʼiy yoʻldosh loyihasi boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
Yigʻilishda qoʻshma texnologik sunʼiy yoʻldoshni yaratish tashabbusiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu loyiha orqali texnologiya almashinuvi, ilmiy salohiyatni birlashtirish va yosh mutaxassislarni tayyorlash maqsad qilingan. Shuningdek, yer kuzatuvi sunʼiy yoʻldoshlari maʼlumotlaridan qishloq xoʻjaligi, suv resurslari va ekologik monitoringda foydalanish, favqulodda vaziyatlarni erta aniqlash, geoinformatsion tizimlar va katta maʼlumotlar asosida tahliliy platformalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
— Hozirgi kunda texnologiyalar juda tez rivojlanmoqda. Kosmik soha esa bu taraqqiyotning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Biror davlat oʻzida barcha yangiliklarni bir vaqtning oʻzida kuzatib borishi qiyin. Shu bilan birga, rivojlanayotgan davlatlarda ham xabardorlik darajasi oshib bormoqda, — deydi Osiyo-Tinch okeani kosmik hamkorlik tashkilotining Tashqi aloqalar va huquqiy masalalar departamenti bosh direktori doktor Ayhan Injirji. — Agarda bu yoʻnalishda yetarli ilmiy malaka va bilim boʻlmasa, global jarayonlarga moslashish juda murakkab kechadi. Shuning uchun bunday koʻp tomonlama xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish juda muhim. Bu dunyoning boshqa hududlarida nimalar boʻlayotganini koʻrish, kuzatish va oʻrganish imkonini beradi, natijada bilimlar kengayadi.
Ushbu yigʻilish TDT doirasida kosmik siyosatni muvofiqlashtirish, qoʻshma infratuzilmalarni shakllantirish va mintaqaviy kosmik ekotizim yaratish yoʻlida muhim qadam boʻldi. U amaliy loyihalarni ilgari surish va oʻzaro ishonchli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring