1-apreldan koʻchmas mulk va avtomobil savdosida yangi tartibga oʻtiladi

18:28 29 Mart 2026 Hujjatlar
589 0

Oʻzbekistonda 2026-yilning 1-aprelidan boshlab koʻchmas mulk va transport vositalarini sotib olishda hisob-kitoblarning yangi eskrou tizimi joriy etiladi.

Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi farmoniga muvofiq, endilikda ushbu turdagi yirik bitimlar faqat naqd pulsiz shaklda, banklar ishtirokida amalga oshiriladi.

Yangi tartib kimlarga daxldor?

Yangi mexanizm barcha turdagi koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M,N, O va G toifasidagi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalari obyektlarining oldi-sotdisiga nisbatan qoʻllanilishi belgilangan.

Maʼlumot uchun, mazkur tartib uy-joy qurilishiga ulush kiritish asosida rasmiylashtiriladigan bitimlarga tatbiq etilmaydi, chunki ular alohida qonunchilik bilan tartibga solinadi.

Eskrou mexanizmi nima va u qanday ishlaydi?

Eskrou hisobvaragʻi xaridor va sotuvchi oʻrtasidagi “xavfsiz hamyon” vazifasini oʻtaydi.

Jarayon quyidagicha kechadi:

  • Mablagʻni muzlatish. Xaridor bankda maxsus eskrou-hisobvaraq ochib, unga kelishilgan summani kiritadi.
  • Tasdiqlash. Notarius bank tizimi orqali mablagʻning hisobga tushganini tekshiradi va shundan keyingina bitimni imzolaydi.
  • Pulni oʻtkazish. Bitim tasdiqlangach, bank mablagʻni avtomatik ravishda sotuvchining hisobiga oʻtkazib beradi.
  • Qaytarish. Agar bitim biron sababga koʻra amalga oshmasa, pul xaridorga toʻliqligicha qaytariladi.

Xizmat haqi va qulayliklar

Jamoatchilikni qiziqtirgan komissiya toʻlovlari boʻyicha aniq limitlar belgilangan.

Jumladan:

  • Koʻchmas mulk uchun BHMning 50 foizigacha (taxminan 206 ming soʻm);
  • Avtomobil uchun BHMning 25 foizigacha (taxminan 103 ming soʻm).

Maʼlum qilinishicha, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida 1 100 dan ortiq notariuslar bank tizimiga integratsiya qilingan.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?