Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Bugun, 27-mart kuni Toshkent shahrida kattalar toifasidagi sportchi ayollar oʻrtasida qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi. Poytaxtimizda ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur nufuzli xalqaro musobaqa Olimpiya shaharchasida dunyoning eng kuchli qiz-ayol qilichbozlarini jamladi.
Musobaqa xalqaro qilichbozlik federatsiyasi reglamentlariga muvofiq tashkil etilib, yakka va jamoaviy bahslarni oʻz ichiga oladi. Ayni paytda unda dunyoning 25 ta davlatidan, jumladan, AQSH, Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Saudiya Arabistoni, Venesuela, Chili va boshqa mamlakatlardan sportchi ayollar oʻzaro kuch sinashmoqda.
Aytish joiz, jahon shohsupalarini bir necha bor zabt etib, Oʻzbekiston bayrogʻini yuqoriga koʻtargan qilichboz qizlarimiz bu gal mezbon jamoa sifatida ham musobaqada munosib ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Zaynab Dayibekova, Gulistan Perdibayeva, Samira Shokirova, Karina Kurbanova, Darina Babadjanova, Salima Ruziyeva, Bibiaisha Xusanboyeva, Tulkinoi Bekbauliyeva, Sevara Gʻaniyeva va Nargiza Utebayeva mamlakatimiz sharafini himoya qilishga bel bogʻlagan.
Yakka bahslar 27-mart kuni soat 10:00 da start oldi va kun davomida eng kuchlilar aniqlanib boriladi. Ertaga, 28-mart kuni 64 nafar sportchi ishtirokida bellashuvlar boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng, Jahon kubogi bosqichining tantanali ochilish marosimi oʻtkaziladi hamda musobaqaning yarim final va final bosqichlari start oladi.
29-mart, yakshanba kuni esa qilichbozlar jamoaviy bahslar doirasida oʻzaro kuch sinashadi. Eng kuchli 32 ta jamoa ishtirokidagi turnir ham mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da boshlanishi koʻzda tutilgan.
Taʼkidlash kerakki, ushbu nufuzli musobaqaning Toshkentda oʻtkazilishi Oʻzbekistonning xalqaro sport maydonidagi mavqei tobora mustahkamlanib borayotganini va mamlakatimizning jahon qilichbozlik hamjamiyatidagi nufuzi ortayotganini koʻrsatadi. Bu nafaqat professional sport uchun muhim voqea, balki hududda qilichbozlikni ommalashtirish, yoshlarni sportga jalb etish va xalqaro sport hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhsin UMURZOQOV,
Yunus BOʻRIYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring