Oʻquvchilarni yakuniy imtihondan ozod etuvchi sertifikatlar roʻyxati tasdiqlandi

12:23 27 Mart 2026 Jamiyat
419 0

Oʻquvchilarni yakuniy imtihondan ozod etuvchi sertifikatlar roʻyxati maʼlum boʻldi. Bu haqida Taʼlim-nazorati Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 16-martdagi 102-sonli buyrugʻi bilan umumtaʼlim fanlari hamda xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati tasdiqlangan.

Ushbu roʻyxatda keltirilgan sertifikati boʻlgan oʻquvchilar ilovada belgilangan baholash asosida baholanadi hamda tegishli fan boʻyicha yakuniy imtihonni topshirishdan ozod etiladi.

Ilovada koʻrsatilgan xorijiy til fanidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 29-mayda 3515-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan normativ-huquqiy hujjatda nazarda tutilgan B1 va undan yuqori darajaga tenglashtirilgan milliy va xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar yakuniy imtihonni topshirishdan ozod etilib, mazkur fandan ularga 5 baho beriladi.

Shuningdek, ilovada koʻrsatilgan umumtaʼlim fanidan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar yakuniy imtihonni topshirishdan ozod etiladi.

Bunda:

  • milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar uchun mazkur fandan A, A+ darajasi uchun 5 baho, B, B+ darajasi uchun 4 baho hamda C, C+ darajasi uchun 3 baho qoʻyiladi;
  • xalqaro sertifikat (A Level) natijalariga koʻra esa A*, A yoki B darajasi uchun 5 baho, C darajasi uchun 4 baho hamda D yoki E darajasi uchun 3 baho qoʻyiladi.

Shuningdek, amal qilish muddati cheklanmagan (belgilanmagan) sertifikatlar uchun sertifikat olingan kundan boshlab uch yil davomida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyoz qoʻllaniladi.

Taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarning rasmiy roʻyxatidan oʻtgan test markazlariga (authorized test centers) tashrif buyurmasdan, tashkilot vakillarining bevosita nazorati ostida imtihonni topshirmasdan, masofadan olingan sertifikatlar (Remote, Home Edition va boshqa turdagi sertifikatlar) yakuniy imtihonni topshirishda tan olinmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?