“Raqib haqida oʻylashni istamayman, sababi oʻz jamoam haqida qaygʻurishim lozim”, — Fabio Kannavaro

10:27 27 Mart 2026 Sport
202 0

Bugundan Toshkent shahrida joylashgan “Bunyodkor” va “Paxtakor” stadionlarida FIFA Series musobaqasi oʻyinlari boshlanadi. Kecha, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ushbu musobaqa oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Bosh murabbiy dastlab quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi:

“Kech qolganim uchun uzr. Oʻrtoqlik oʻyinlari boʻlishiga qaramay, eng yaxshi oʻyinimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Koʻproq narsa oʻrganib olishimiz kerak. Mundial yaqinligini tushunib turibmiz. Gʻalaba qozonishga harakat qilamiz”.

Jurnalistlarning yigʻinda koʻplab markaziy yarim himoyachilar jalb etilgani, lekin qanot yarim himoyachilari kamligi toʻgʻrisidagi savoliga esa murabbiy quyidagicha javob berdi:

“Ayrim holatlarda oʻyin davomida uslubimizni oʻzgartirishga qaror qilaman. Shu sababli koʻplab yangiliklar qilib koʻrish uchun markazdagi oʻyinchilar qoʻl keladi. Shuningdek, bu safar hujumchilarimiz bir nafarga koʻproq”.

Gabon termasining bir qator futbolchilari musobaqaga kelishmadi. Ularning yoʻqligi jamoaga qanchalik foyda beradi, qabilidagi savolga Kannavaro shunday javob qaytardi:

«Ochigʻini aytaman, men oʻz jamoamni oʻyinga tayyorlash bilan bandman. Raqib haqida oʻylashni istamayman, sababi oʻz jamoam haqida qaygʻurishim lozim. Gabon soʻnggi uchrashuvlarda qanday ishtirok etganini oʻrganib chiqdik. Obameyang — eng yaxshi hujumchilardan biri. Biz esa oʻz ustimizda ishlashimiz va kamchiliklarimizni yaxshilashimiz kerak. Biz oʻyinga 100 foiz tayyor boʻlishimiz kerak.

Futbolni nomlar oʻynamaydi. Muhimi, maydondagi oʻyin sifati. Baʼzan nomdor futbolchiga ega boʻlmagan jamoalarga past nazar bilan qarash boʻladi, bunday boʻlishi mutlaqo notoʻgʻri. Biz maydonda toʻliq konsentratsiya bilan harakatlanishimiz kerak».

Shuningdek, Fabio Kannavaro jarohat olgan futbolchilarga toʻxtalib quyidagilarni maʼlum qildi:

«Soʻnggi bir oy davomida koʻplab futbolchilarni kuzatib bordim. Oʻtgan oy jarohatlangan futbolchilarimiz jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan Rim shahrida ham boʻldim. Menimcha, men har bir futbolchi bilan imkoniyat qadar koʻproq gaplashishim kerak. Har bir futbolchi unga ishonishayotganini his qilishi kerak. Terma jamoaning eshiklari barcha uchun ochiq. Albatta, oʻzim yigʻadigan jamoa va tarkib boʻladi. Lekin barchani kuzatib borishim ham kerak.

Abbos men terma jamoaga kelganimdan beri deyarli har doim jarohatda. Bizda 2-3 nafar futbolchi bor, ammo jarohatlanganlarning oʻrnini bosa oladigan futbolchilarni ham tayyorlab borishimiz kerak. Bilmayman, ular mundialga boradimi yoki yoʻq. Biroq men ularga imkoniyat qadar yordam berishga va JCHning bir qismi boʻlishga harakat qilaman. Soʻnggi soniyalargacha ular mundialga boradigan roʻyxat ichida boʻlishadi. Oxirida esa qaror qabul qilinadi. Barchaning imkoniyati teng».

Taʼkidlash kerakki, mart oyidagi yigʻin FIFA kalendari boʻyicha Jahon chempionati oldidan soʻnggi FIFA kunlari doirasida tashkil etilmoqda. Jurnalistlar shundan kelib chiqqan holda ushbu yigʻinga jalb etilgan futbolchilarni Jahon chempionatida qatnashuvchi tarkibning asosi deb hisoblasak boʻladimi, deb savol berishdi. Kannavaroning javobi esa quyidagicha boʻldi:

“Yoʻq, menda 55 nafar futbolchidan iborat roʻyxat bor. Hamma narsa roʻy berishi mumkin. Bunga tayyor boʻlishimiz kerak. Joriy mavsum davomida qaysidir futbolchi oʻzini yaxshi tomonlama namoyish etsa va yorqin oʻyin koʻrsatsa, uni roʻyxatga qoʻshishim mumkin. Roʻyxatni oʻzgartirish men uchun muammo emas”.

Anjuman yakunida Kannavaro Oʻzbekiston Superligasi va mahalliy futbolchilarning saviyasi haqida oʻz fikrlarini bildirdi:

«Agar futbolchi Yevropada oʻynasa, demak, u haqiqatan ham kuchli. Superliganing asosiy muammolaridan biri — intensivlik. Oʻyin tempi yuqori darajada emas. Futbolchilarning jismoniy holati har doim ham yaxshi emas.

Oʻtgan oy Ramazon boʻldi va koʻplab futbolchilar roʻza tutishdi. Shu sababli Superliga uchrashuvlaridagi oʻyin tempi past edi.

Mahalliy futbolchilarga har doim oʻz ustida ishlashlari kerakligini aytaman. Meni xavotirga solayotgan narsa shu. Jismoniy holatimizni yaxshilashimiz kerak.

Mundialga uch hafta qolganida bu muammoga yechim topa olmaymiz. Biz yanvar oyidan buyon ushbu muammoni bartaraf etish ustida bosh qotiryapmiz».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?