Afv: xatolardan toʻgʻri xulosa chiqarish va boshqa adashmaslik imkoni

11:46 25 Mart 2026 Jamiyat
339 0

Prezidentimizning Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami arafasida qabul qilingan “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoni Fargʻona viloyatida ham oʻnlab oilalarga quvonch ulashmoqda.

Yurtimizda 2017-yildan buyon insonparvarlikning yangicha mezoni asosida izchil amalga oshirib kelinayotgan afv etish siyosati toʻgʻri yoʻldan adashgan hamyurtlarimizga hayotini qaytadan boshlash imkonini berayotgani eʼtiborga molik.

Bu huquqiy hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona shahridagi 10-sonli tergov hibsxonasidan ham 3 nafar fuqaro afv etilib, oʻz oilalari bagʻriga qaytarildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan eʼtibor, tinch va farovon hayot qadri haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, afv etilganlarga bildirilgan ishonchni oqlash, halol mehnat qilish va jamiyatda munosib oʻrin topish muhimligi alohida taʼkidlandi.

— Bugun qilgan ishimdan juda afsusdaman, — deydi afv etilganlardan biri Abduqodir Abdusamadov. — Belgilangan jazo muddati men uchun katta saboq boʻldi. Prezidentimiz ishonchini oqlash va endi bunday xato qilmaslik asosiy maqsadim.

Shu bois oʻqishimni davom ettirib, kelajakda malakali shifokor boʻlishga harakat qilaman. Ota-onam va barcha yaqinlarimning ham orzusi shu.

Uning otasi – Abrorjon Abdullayev ham bunday eʼtibor va ragʻbatni minnatdorlik bilan qabul qildi.

— Oʻgʻlimga berilgan bu imkoniyat – oilamiz uchun unutilmas xursandchilik. Bundan buyon uni aslo nazoratsiz qoldirmaymiz, toʻgʻri yoʻlda yurishi uchun doimo qoʻllab-quvvatlaymiz, — deydi u.

Rahmatjon Joʻrayev ham oʻz xatosidan kerakli xulosa chiqarganini taʼkidlaydi.

— Jazo oʻtash jarayonida qonunni mensimaslik qanday yomon oqibatlarga olib kelishini his qildim, — deydi u. — Eng achinarlisi, mening qilmishim uchun oila aʼzolarim ham azob chekdi. Nabiram dunyoga kelganida uning yonida boʻla olmadim. Bobo sifatida bundan ortiq azob yoʻq.

Darhaqiqat, afv etish siyosati nafaqat huquqiy chora, balki teran maʼnaviy ahamiyatga ega tizimli jarayondir. U xalqimizga xos boʻlgan kechirimlilik va bagʻrikenglik kabi fazilatlarni yaqqol namoyon etadi. Jinoyat qilgan va qilmishidan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtgan insonlarga imkoniyat berish orqali esa jamiyat barqarorligi hamda oilalarning baxti toʻkisligi taʼminlanadi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?