Andijon va Qashqadaryoda psixotrop moddalar savdosi toʻxtatib qolindi

11:10 24 Mart 2026 Jamiyat
208 0

Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtaobod tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro G.Z. 1 dona “Tropikamid” va 2 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini fuqaroga 460 ming soʻmga sotgan vaqtida ushlangan.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, G.Z.ga dori yetkazib beruvchi shaxs muqaddam JKning 251-1-moddasi bilan sudlangan fuqaro Q.F. ushbu dori vositalarini Andijon shahri, “Mustaqillik” MFY hududidagi xonadonida saqlab kelayotganligi aniqlangan. Undan 362 dona “Tropikamid” va 1 ming 35 dona “Regapen” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Chiroqchi tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro B.U. fuqaro U.D.ga 550 dona “Benzonal” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1,6 mln soʻmga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?