Politico: AQSH Ukrainaga yordam berishni toʻxtatsa, Putin Trampga Eron bilan razvedka maʼlumotlarini almashishni toʻxtatishni taklif qildi
Rossiya vakillari Vashingtonga kelishuv taklif qilishdi: agar AQSH Ukrainaga Rossiya haqidagi razvedka maʼlumotlarini berishni toʻxtatsa, Moskva ham Eronga razvedka maʼlumotlarini, masalan, Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy obyektlarining koordinatalarini berishni toʻxtatishini bildirgan. Bu haqda 20-mart kuni Politico nashri oʻz manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarga koʻra, Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev ushbu taklifni oʻtgan hafta Mayamida boʻlib oʻtgan uchrashuvda AQSH Prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerga yetkazgan.
Politico manbalarining taʼkidlashicha, AQSH bu taklifni rad etgan.
Shu bilan birga, nashrning qayd etishicha, bunday taklifning oʻziyoq yevropalik diplomatlarni xavotirga solgan. Ular Moskva Yevropa va AQSH oʻrtasiga nifoq solishga urinayotganini hisoblashmoqda. Yevropa Ittifoqi diplomatlaridan biri Rossiyaning bu taklifini “haddan ortiq va jirkanch” deb atagan.
Oq uy bu boʻyicha izoh berishdan bosh tortdi. Rossiyaning Vashingtongagi elchixonasi esa jurnalistlar soʻroviga javob bermagan.
Politico maʼlumotlariga koʻra, Rossiya AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi tufayli Vashingtonga bir nechta takliflar bilan chiqqan, biroq Tramp maʼmuriyati ularni rad etgan. Axios nashrining yozishicha, Tramp Putinning Eronning boyitilgan uranini Rossiyaga oʻtkazish haqidagi taklifini ham qabul qilmagan.
Razvedka maʼlumotlaridan xabardor manbaning soʻzlariga koʻra, Yaqin Sharqda urush boshlanganidan beri Rossiya Eron bilan razvedka maʼlumotlari almashinuvini va harbiy hamkorlikni kengaytirgan. The Wall Street Journal gazetasi Moskva Tehronga sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini berayotgani, shuningdek, Eron dronlarining zarbalarida ishtirok etayotgani haqida yozgan edi. Kreml buni inkor etgan boʻlsa-da, Stiv Uitkoff Rossiyaning soʻzlariga ishonishga tayyorligini bildirgan.
Donald Tramp 13-mart kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Eron va Ukraina bilan bogʻliq razvedka maʼlumotlari almashinuvi oʻrtasida bogʻliqlik borligiga shaʼma qilgan edi. Tramp: “Putin, ehtimol, ularga (Eronga) ozgina yordam berayotgandir va u, katta ehtimol bilan, bizni Ukrainaga yordam beryapti deb oʻylayotgandir, shunday emasmi?” — degan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring