Oʻsimliklar genbanki – oziq-ovqat xavfsizligi kafolati
Tasavvur qiling, kelgusida sayyoramizda tiriklik uchun xavf tugʻilsa, tabiatda oʻsimliklarga nomaʼlum kasallik xavf solsa yo kuchli shoʻrlanish, anomal qurgʻoqchilik kuzatilsa vaziyatni qanday oʻnglash mumkin? Global xavf-xatarlarga qarshi eng ishonchli qalqon nima? Ilm-fan bunga yagona va qatʼiy javob beradi: oʻsimliklar genetik resurslari genbankidir. Ana shu sababli Qibray tumanida joylashgan va namunalar turi va soni boʻyicha dunyoda 14- va MDH davlatlari orasida 2-oʻrinni egallaydigan Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy -tadqiqot instituti qoshidagi genbank faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Bir asrlik tarixga ega boʻlgan genbank boshligʻi, taniqli olim Hamidullo Hasanov quyidagilarni soʻzlab berdi.
-Keng omma nazarida oʻsimliklar genofondi (genbank) shunchaki turli xil urugʻlar saqlanadigan oddiy omborxonadek tuyulishi mumkin. Aslida esa bu maskan millatning jonli tarixi, tabiatning millionlab yillar davomida shakllantirgan evolyutsion moʻjizasi va ertangi kun rizqimizning asosiy kafolatidir. Oʻnlab iqtidorli olimlarni birlashtirgan institut qoshidagi genbank bundan bir asr avval akademik N.I. Vavilov tashabbusi tashkil etilgan va Markaziy Osiyoda yagona va dunyo miqyosida tan olingan “tirik xazina”dir. Eʼtibor bering, bu yerda 103 xil qishloq xoʻjaligi ekinlarining 43 mingdan ziyod namunalari saqlanmoqda. Ixtiyorimizda birgina bugʻdoyning 13 mingdan ziyod navlari mavjud. Shuning oʻziyoq ilmiy ekspeditsiyalar va kelgusidagi tadqiqotlar, ilmiy yutuqlar uchun genbank nechogʻlik muhim ekanligini koʻrsatadi. Shu oʻrinda yana bir maʼlumotni aytib oʻtay. Amerikalik olimlar iqtisodiy salohiyati, koʻlami jihatidan oʻzlaridagi genbank katta boʻlsa-da, oʻsimlik urugʻlari zaxirasi, oʻziga xosligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar talabiga koʻra tez-tez Moskva genbankiga murojaat qilishadi. Shuning oʻziyoq, ruslarning genbanki yanada boy ekanligidan dalolat beradi. Xom-choʻtlarga qaraganda esa Rossiya genbankining bugungi bahosi 3 trillion dollardan qimmatroq. Bu ham insoniyat farovonligini taʼminlashda genbanklar faoliyati nechogʻlik muhim ekanligiga yaqqol dalil.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori tufayli genbankimiz BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), IKARDA, SIMMIT, KOPIA, IKRISAT, IPIGRI kabi xalqaro tashkilotlar, Svalbord, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Pokiston, Rossiya kabi mamlakatlardagi yirik genbanklar bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻydi. Ana shu jarayonda aniqlandiki, genbankimiz urugʻlari chet elliklar eʼtiborini tortmoqda. Urugʻlarimizning baʼzilari dunyoning birorta joyida uchramaydi, faqat oʻzimizga xos. Masalan, bizda qovunning ming yillardan buyon ekib kelinayotgan 3 mingdan ortiq nav namunalari mavjud va bu urugʻlarning bir qismi yer yuzidan butkul yoʻqolib ketgan. Quvonarlisi “Choʻgara”, “Ich kizil”, “Shakar palak”, “Oq urugʻ”, “Qizil uruq”, “Qoʻybosh”, “Assan bey”, “Kassaba Jukovskogo” singari qovun urugʻlari, “Mnogoplodniy”, “Kubines”, “Mramorniy”, “Chugunok”, “Pioner pustini”, “Mramorniy” singari tarvuz navlari milliy seleksiyamizning bebaho yutugʻidir. Umuman olganda oʻtgan qisqa davr oraligʻida olimlarimiz tomonidan qishloq xoʻjalik ekinlarining 300 dan ortiq yangi navlari yaratildi va bu urugʻlar orasida qovunning “Oq uruq”, “Assate”, uzumning “Pobeda” (Mers), “Goʻzal qora”, “Oktyabrskiy”, qattiq bugʻdoyning “Karlik 85”, makkajuxorining “Uzbekskaya zubovidnaya”, moshning “Durdona”, “Barqaror”, sarimsoq piyozning “Mayskiy VIRa”, steviyaning “Shakar barg”, oʻrikning “Vimpel”, yapon mushmulasining “Yagona”, olxoʻrining “Yagona”, “Muxtor”, “Maysara” kabi navlari bogʻbonu sohibkorlarga juda maʼqul kelmoqda. Shu kabi urugʻlarning 3 mingdan ortiq namunalarini Norvegiyaning Svalbard butunjahon oʻsimliklar genbankiga ham kafolatli saqlash uchun yubordik.

10-yildirki, faoliyatimiz yanada jonlangan, institutning Oʻsimliklar karantini va introduksiyasi boʻlimiga 12635 namunalar, 34 ta xorijiy mamlakat qishloq xoʻjalik ekin turlari introduksiya qilinib, kasallik va zararkunandalar hamda qimmatli xoʻjalik belgi va xususiyatlari boʻyicha birlamchi baholandi.
Genbank bu garchi qadr -qimmati jihatidan bebaho hisoblansa-da, oltin yo nodir metallar saqlanadigan joy emas, balki vaqti vaqti bilan yangilab turishni, doimiy ravishda nazorat va izlanishni talab etadigan maskandir. Shu bois har yili 4 mingdan ortiq yaqin qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini ochiq dala sharoitida ekib ombordagi urugʻlarni yangisiga almashtiramiz.

Nasib etsa, kelgusida jahon standartlariga mos boʻlgan, urugʻlarni -18°C haroratda 100-yil va undan ortiq muddat kafolatli saqlaydigan yangi tipdagi Milliy genbank bunyod etiladi. Aslida bu shunchaki gap emas, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tez orada boshlanadigan xayrli ishdir. Chunki bu yerda saqlayotgan har bir urugʻ — Yangi Oʻzbekistonning toʻkin dasturxoni va farovon hayoti uchun qoʻyilgan mustahkam poydevordir.
Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring