Oʻzbekiston umumiy yer maydonining 95 foizi UZKAD tizimida elektron xaritaga tushirildi

21:23 16 Mart 2026 Jamiyat
308 0

Oʻzbekiston Respublikasining umumiy yer maydonining 95 foizi UZKAD tizimida elektron xaritaga tushirildi. Bu haqda bugun, 16-mart kuni boʻlib oʻtgan Kadastr agentligi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Agentlik direktori oʻrinbosari Abdushukur Abdullayevning qayd etilishicha, hozirga qadar respublikamizning umumiy yer maydoni (44 892,1 ming gektar)ning 42,6 million gektari yoki 95 foizi UZKAD tizimida elektron xaritaga tushirilgan. Shuningdek, 41,8 million gektar yer maydoni 2,2 million yerdan foydalanuvchilar kesimida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Huquqiy hujjatlari toʻliq boʻlmagan 0,7 mln gektar yerdan foydalanib kelayotgan 550 ming subyekt “foydalanuvchi” sifatida hisobga olingan. Ushbu ishlar davomida ilgari hisobga olinmagan 181,7 mingta obyekt va 2,3 mingta qoʻshimcha qurilmalar aniqlangan. Buning natijasida davlat byudjetiga 155,8 mlrd soʻm qoʻshimcha soliq hisoblangan.

Matbuot anjumanida bildirilishicha, bugungi kunda respublikadagi koʻchmas mulk obyektlari soni 8 million 846 mingtani tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich yil boshiga nisbatan 297,5 mingtaga oshgan.

Shundan:

• 6 340,7 ming — yakka tartibdagi turar joylar;

• 823,3 ming — noturar joylar;

• 1 681,7 ming — koʻp qavatli uylardagi kvartiralar.

• Koʻchmas mulk obyektlarining 8,3 millioni jismoniy shaxslarga,

• 531 mingtasi yuridik shaxslarga tegishli.

Hozirda respublikadagi 6,24 millionta koʻchmas mulk obyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan, 2,59 millionta obyekt esa hali roʻyxatdan oʻtmagan. 2025-yil davomida fuqarolar va tashkilotlar murojaatlari asosida 1 million 135 mingdan ortiq koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

— 2025-yilda yer qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Natijada 61 154 ta holatda 4 935 gektar yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlandi. Bu ishlar “Oʻzbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinmoqda, dedi Abdushukur Abdullayev. — Berilgan koʻrsatmalar asosida 43 614 ta holatda 2 490,8 gektar yerdagi qonunbuzilishlar ixtiyoriy bartaraf etildi.

Taʼkidlanishicha, oʻtgan yil davomida yer uchastkalarini qaytarish boʻyicha 15 466 ta holatda sudlarga daʼvo arizalari kiritilgan boʻlib, 3 354 ta ish sud tomonidan qanoatlantirilgan. Jinoyat alomatlari mavjud boʻlgan 1 967 ta holat boʻyicha materiallar esa prokuratura organlariga yuborilgan.

— Yer qonunchiligini buzgan 36 767 nafar shaxsga maʼmuriy jazo choralari qoʻllanildi. Shu bilan birga, 197 833 ta huquqbuzarlik holati “E-Yer nazorat” tizimiga kiritildi, dedi Kadastr agentligi direktori oʻrinbosari.

Anjumanda Kadastr agentligi kelgusida ham yer munosabatlarini tartibga solish, kadastr maʼlumotlarining aniqligi va ochiqligini taʼminlash hamda fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulay xizmatlar koʻrsatish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirishi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?