Bojxona nazorati jarayonlarini rasmiylashtirish uchun yangi hujjatlar shakllari tasdiqlandi

15:33 16 Mart 2026 Hujjatlar
284 0

Adliya vazirligi “Bojxona ishi sohasida qoʻllaniladigan ayrim hujjatlar va hisobotlar shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarorni (roʻyxat raqami 2778-7, 13.03.2026-y.) davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.

Unga koʻra, tovarlarni bojxona koʻrigidan oʻtkazish, ularni omborga tushirish hamda bojxona nazorati va tovarlar harakatini hisobga olish jarayonlarini aniq va shaffof hujjatlashtirish maqsadida yangi bojxona hujjati shakllari joriy etildi.

Jumladan quyidagilar tasdiqlandi:

— tovar va transport vositalarini tekshirish natijalarini rasmiylashtirish uchun bojxona koʻrigi dalolatnomasi;

— jismoniy shaxslarning qoʻl yuki va bagajlarini tekshirish boʻyicha alohida bojxona koʻrigi dalolatnomasi;

— deklarant tomonidan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oldin koʻzdan kechirish yoki oʻlchash uchun elektron murojaatnoma;

— yuklarni bojxona omboriga bojxona organi xodimining ishtirokida yoki uning ishtirokisiz tushirish boʻyicha maxsus dalolatnomalar shakllari.

Mazkur hujjatlar bojxona organlarining axborot tizimi orqali elektron koʻrinishda shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, endilikda avtomobil transportida yuklarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyati uchun litsenziyaga ega bojxona tashuvchilarining Davlat bojxona qoʻmitasiga bojxona tashuvchilari reyestriga kiritish uchun murojaat qilish talabi hamda bojxona tashuvchilari reyestriga kiritish uchun ariza shakli bekor qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?