Kubada kommunistik hukumatga qarshi namoyishlar boshlandi

11:52 15 Mart 2026 Dunyo
590 0

Videodan kadr

Kubaning shimolida hukumatga qarshi namoyishchilar kuni ertalab Kommunistik partiya idorasiga hujum qildi. Davlatga qarashli nashr xabariga koʻra, bunday ochiq norozilik holatlari mamlakatda juda kam uchraydi. Namoyishlarga asosan kuchayib borayotgan elektr uzilishlari sabab boʻlgan boʻlib, bu holat AQSHning neft taʼminotiga qoʻygan cheklovlari oqibatida yanada ogʻirlashgan.

Maʼlum boʻlishicha, 13-mart kuni kechqurun Moron shahrida elektr uzilishlari va oziq-ovqat tanqisligiga qarshi tinch yigʻilish sifatida boshlangan namoyishlar shanbaga oʻtar kechasi zoʻravonlikka aylangan. Namoyishchilar bino oynasiga tosh otgan va koʻchada yongʻin chiqargan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda katta yongʻin va “erkinlik” degan chaqiriqlar eshitilgani aks etgan.

Moron shahri Kubaning shimoliy sohilida joylashgan boʻlib, poytaxt Gavanadan taxminan 250 mil (400 km) sharqda joylashgan. “Reuters” agentligi ushbu tartibsizliklar aks etgan videolar haqiqiyligini mustaqil tasdiqlay olmaganini bildirgan.

Xabarlarga koʻra, AQSH prezidenti Donald Tramp joriy yilda Kubaga nisbatan bosimni kuchaytirgan. Jumladan, yanvar oyida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qoʻlga olingandan keyin Kubaga yuborilayotgan venesuela nefti toʻxtatilgan. Shuningdek, Kubaga neft sotgan davlatlarga tariflar joriy etish bilan tahdid qilingan. Bu esa oziq-ovqat, yoqilgʻi, elektr energiyasi va dori-darmon tanqisligidan aziyat chekayotgan iqtisodiyotga qoʻshimcha bosim oʻtkazgan.

Aytish joiz, Kubada ommaviy namoyishlar, ayniqsa zoʻravon tusdagi chiqishlar juda kam kuzatiladi. 2019-yilgi Konstitutsiya fuqarolarga namoyish oʻtkazish huquqini bergan boʻlsa-da, bu huquqni tartibga soluvchi alohida qonun haligacha qabul qilinmagan. Moron shahrida 2021-yil 11-iyulda hukumatga qarshi eng yirik namoyishlardan biri boʻlib oʻtgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?