Samarqand va Xorazmda “prava” olib berishni vaʼda qilganlar ushlandi

10:28 13 Mart 2026 Jamiyat
240 0

Samarqand va Xorazm viloyatlarida haydovchilik guvohnomasini olib berish bilan bogʻliq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Kattaqoʻrgʻon shahri boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “N.I.” MCHJ avtomaktabi ustasi I.X. “V” va “S” toifali haydovchilik guvohnomalarini olib berishi uchun ikki nafar fuqaroga ushbu MCHJda oʻquv kursini tamomlaganliklari haqida sertifikat olib berishini vaʼda qilib, evaziga 1,4 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Xiva shahri boʻlimi xodimlari oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa “H.A.” MCHJ avtomaktabi xodimi X.S. goʻyoki YHXBda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro A.A.ga haydovchilik guvohnomasi olishi uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan oʻtkazib qoʻyishi evaziga 800 dollar va 2,4 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?