Kuvaytdan 42 nafar oʻzbekistonlik Saudiya Arabistoniga evakuatsiya qilindi

13:55 11 Mart 2026 Jamiyat
246 0

Foto: “Dunyo”

Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan notinch vaziyat sababli Kuvaytdan 42 nafar fuqaro tranzit yoʻllar orqali Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, 16 nafar kattalar va 26 nafar voyaga yetmaganlardan iborat guruh 9-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:50 da Kuvaytdan avtobus orqali yoʻlga chiqib, 10-mart kuni soat 11:40 da Saudiya Arabistonining Ar-Riyoz shahridagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga yetib kelgan.

Elchixona diplomatlari fuqarolarga yengillik yaratish hamda ularning Kuvayt va Saudiya Arabistoni hududida erkin harakatlanishidagi ehtimoliy qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida, mazkur davlatlarning vakolatli organlariga tegishli notalar chiqargan.

Shu bilan birga, 12 soatga yaqin boʻlgan ushbu safar davomida fuqarolarga Kuvayt hamda Saudiya Arabistoni davlat chegaralaridan oʻtish jarayonlarida koʻmaklashish, ularga Ar-Riyoz aeroportida zarur tashkiliy-amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Elchixonaning ikki nafar diplomati hamrohlik qilgan. Fuqarolarning Vatanga qaytishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Migratsiya agentligi tomonidan tegishli aviachiptalar xarid qilingan.

Kecha, 10-mart kuni Ar-Riyoz shahridagi Qirol Xolid xalqaro aeroportida Elchixona diplomatlari tomonidan 42 nafar fuqaroga Jidda shahriga uchish uchun roʻyxatdan oʻtish jarayonlarida zarur konsullik-huquqiy va tashkiliy koʻmak koʻrsatilgan. Xususan, 9 nafar fuqaro SV1081 reysi hamda 33 nafar fuqaro SV1035 reysi bilan Jiddaga muvaffaqiyatli kuzatilgan.

Shuningdek, ushbu 42 nafar vatandoshimiz Jidda shahridan Oʻzbekistonga qaytish aviabiletlari bilan taʼminlangan. Bildirilishicha, ular joriy yilning 11-mart kuni Jidda – Toshkent aviareysi orqali Vatanga qaytadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?