Tramp AQSH Eronga qarshi keng koʻlamli harbiy amaliyot boshlaganini maʼlum qildi
Videodan kadr
Bugun, 28-fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron boʻyicha 8 daqiqalik videomurojaat bilan chiqish qildi. U ”Truth Social” tarmogʻida eʼlon qilingan bayonotida Amerika Qoʻshma Shtatlari Eronga qarshi keng koʻlamli harbiy operatsiya boshlaganini rasman tasdiqladi.
Trampning taʼkidlashicha, mazkur amaliyotning asosiy maqsadi — Amerika xalqini himoya qilish va Eron rejimi tomonidan kelayotgan bevosita tahdidlarni bartaraf etishdir. U Tehronning harakatlari AQSHning xorijdagi harbiy bazalari, qoʻshinlari va ittifoqchilariga toʻgʻridan-toʻgʻri xavf solayotganini qayd etdi.
“Bu juda qattiqqoʻl va dahshatli odamlar guruhi. Ularning tahdid soluvchi faoliyati toʻgʻridan-toʻgʻri AQSHga, bizning qoʻshinlarimizga, chet eldagi bazalarimizga va butun dunyo boʻylab ittifoqchilarimizga xavf tugʻdiradi”, degan Tramp.
Oq uy rahbari, shuningdek, Vashington Eron raketalarini yoʻq qilish va mamlakatning raketa sanoatini “yer bilan yakson qilish” niyatida ekanini bildirdi. U AQSH Eronning yadroviy qurolga ega boʻlish imkoniyatiga chek qoʻyishga qatʼiy qaror qilganini ham urgʻuladi.
Bayonot davomida Tramp Eron politsiyasi va xavfsizlik kuchlariga murojaat qilib, qurolni zudlik bilan tashlashga chaqirdi. Eron xalqiga esa uyda qolish va koʻchaga chiqmaslikni tavsiya qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, operatsiya yakuniga yetgach, mamlakatdagi hokimiyat masalasi eronliklarning oʻz ixtiyoriga qoldiriladi. Vaziyat atrofida keskinlik saqlanib qolmoqda.
AQSH va Isroil Eronga hujum qildi
Isroil bugun, 28-fevral kuni Eronga hujum boshladi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kas butun mamlakat boʻylab favqulodda holat eʼlon qilinganini maʼlum qildi. Bayonot Tehron markazidagi portlashlar va uning ortidan osmonga qalin tutun koʻtarilayotgan bir paytda yangradi.
Eron davlat televideniyesi poytaxtdagi portlashlarni tasdiqladi, biroq hodisa yuzasidan qoʻshimcha tafsilot bermadi. Ayni paytda, shahar markazida kamida 3 ta portlash ovozi eshitilgani xabar qilinmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bir nechta raketa Universitet koʻchasi va Jumhuriyat hududiga kelib tushgan boʻlishi mumkin.
Keyinchalik Tehronning shimoliy va sharqiy qismlarida ham yangi portlashlar ovozi eshitilgan. Ayrim xorijiy manbalar hujum AQSH va Isroil tomonidan birgalikda amalga oshirilganini daʼvo qilmoqda. Portlashlar xususiyati raketa zarbasini eslatishi taʼkidlanmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, Isroil hududida sirenalar yangradi. Isroil harbiylari buni aholini davlat hududiga raketa uchirilishi ehtimoli haqida ogohlantirish maqsadida berilgan “profilaktik signal” ekanini bildirdi. Hodisa tafsilotlari aniqlashtirilmoqda.
Yaqin Sharqda yangi harbiy qarama-qarshilik yuzaga keldi, Isroil Eronga qarshi preventiv hujum boshladi [Preventiv hujum — bu qarshi tomon ehtimoliy zarba berishidan oldin uning oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan harbiy zarba yoki hujumdir (tahr.)]. Bu Tehronning Gʻarb bilan uzoq yillardan beri davom etayotgan yadroviy mojarosini diplomatik yoʻl bilan hal etish umidlarini yanada susaytirdi.
“The New York Times” nashrining AQSH rasmiysiga tayanib xabar berishicha, Eronga qarshi hujumda AQSH ham ishtirok etmoqda. “Reuters” agentligi manbasiga koʻra, Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy hozirda Tehronda emas va xavfsiz joyga koʻchirilgan.
Ayni paytda Tehron markazida portlashlar ovozi eshitilmoqda. Eronning “Mehr” agentligi xabariga koʻra, razvedka binosi, prezident majmuasi, Tehron aeroporti, shuningdek, Xomanaiyning uyi hujumga uchragan.
Oʻz navbatida, Isroil, mamlakat havo hududi toʻliq yopilganini maʼlum qildi. Vaziyat keskinligicha qolmoqda, rasmiy bayonotlar va qoʻshimcha tafsilotlar kutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring