Bahorgi attestatsiya kimlar uchun majburiy ekani aytildi
“Taʼlim xabarlari” Telegram-kanali shu yilning birinchi yarmida boʻlib oʻtadigan attestatsiya kimlar uchun majburiy ekani haqida maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, 2026-yilning birinchi yarmida oʻtkaziladigan attestatsiyaga hujjat topshirayotgan pedagoglar ariza topshirishda eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan eng muhim jihatlardan biri — attestatsiya turini (navbatdagi majburiymi yoki navbatdan tashqarimi) toʻgʻri tanlash hisoblanadi. Sababi, navbatdagi majburiy attestatsiya uchun toʻlov qilinmaydi.
Agar pedagog navbatdan tashqari sifatida hujjat topshirib qoʻysayu, ushbu attestatsiya mazkur pedagog uchun navbatdagi majburiy boʻlsa, bunda ariza rad qilinadi va toʻlov qaytarilmaydi.
Maʼlumki, Hukumat qaroriga asosan toifa sertifikatlari muddati 5-yil hisoblanadi. Agar pedagog oxirgi toifa sertifikatini 2021-yilda yoki undan avvalgi yillarda olgan boʻlsa, ushbu sinovlar uning uchun navbatdagi majburiy hisoblanadi. Taʼkidlash lozimki, 2022-yilgacha pedagoglar attestatsiyasi bir yilda bir marotaba oʻtkazilgan.
Agar pedagogning holati nizomda koʻrsatilgan quyidagi bandlardan biriga mos boʻlsa, uning toifa sertifikati 2021-yilda olingan boʻlsa ham, majburiy attestatsiyaga jalb qilish muddati keyingi yillarga surilishi mumkin:
- homilador ayollar — ular homilador boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
- homiladorlik va tugʻish hamda bolani parvarish qilish taʼtillarida boʻlgan ayollar — ular taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
- pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan, uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
- uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanishni oʻtayotgan pedagog kadrlar — ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
- ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun eng kam miqdordagi ish oʻrinlariga zaxiraga olib ishga joylashtirilgan pedagog kadrlar — bu ish joylariga qabul qilingan kundan boshlab uch yil davomida.
Shuningdek, agar pedagogning holati yuqoridagi holatlardan qaysidir biriga mos boʻlsa, asos boʻluvchi hujjatlarni platformaga yuklash orqali majburiy attestatsiya muddati surilishi lozim.
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, pedagog kadr attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilishidan voz kechgan, amaldagi malaka toifasini (lavozimini) himoya qila olmagan yoki attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, toʻlangan yigʻim qaytarib berilmaydi.
Pedagog kadrlar uzrli sabablarga (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda boʻlganligi, yaqin qarindoshining vafoti, vakolatli davlat organi yoki taʼlim tashkilotlari rahbarlarining maʼlumotnomasida koʻrsatilgan boshqa asoslarga) koʻra attestatsiyaga kelmaganligi tufayli ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchirilgan taqdirda, yigʻim takroran undirilmaydi.
Maʼlum qilinishicha, mutaxassis toifasidan yuqori toifali pedagoglarga hujjat topshirishda platformaning oʻzida “Sizniki majburiy navbatdagi attestatsiya” degan eslatma berilmoqda. Mutaxassis toifasidagilar esa yuqoridagi koʻrsatmalarga amal qilishlari lozim boʻladi.
Pedagoglarga arizani oxirgi muddatga qoldirmaslik, imkon qadar ertaroq roʻyxatdan oʻtib, toʻlovni amalga oshirish tavsiya etiladi. Oʻz vaqtida toʻlovni toʻliq amalga oshirmagan arizalar esa koʻrib chiqilmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring